Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati