Hoji kimning gunohi kechirilishini so‘rasa, uning gunohi ham kechiriladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Allohim, hojining gunohini va u mag‘firat so‘ragan kishining gunohini kechirgin", deb duo qildilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Umar roziyallohu anhu aytadilar: "Hojining gunohi ham, u mag‘firat so‘ragan kishining gunohi ham kechiriladi..." (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).
Shuning uchun Ibn Umar roziyallohu anhu: "Hojini ko‘rsang, unga salom bergin, u bilan quchoqlab ko‘rishgin, uyiga kirishidan oldin gunohlaring kechirilishini so‘rab duo qilishini iltimos qilgin", der edi (Imom Ibn Hibbon va Imom Ahmad rivoyati).
Shu sababli, odamlar hojilarni ko‘rishsa, ularning duosidan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Alloh taolo hojilarni ko‘rsatib, farishtalariga — osmon farishtalariga maqtanadi (Imom Ibn Hibbon va Imom Ahmad rivoyati).
“Eng sharafli ummat” kitobidan
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati