1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand viloyati Ishtixon tumanida 100 nafardan ziyod bolajonlar uchun xayriya va mehr-muruvvat tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov hamda tuman bosh imom-xatibi Toshmuhammad domla Abilov ishtirok etdilar. Diniy soha vakillari yurtimizda farzandlarning baxtli va sog‘lom voyaga yetishi, ularga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlarning shar’iy hamda insoniy ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.
Xayrli tashabbus doirasida bolajonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, ularga maxsus sovg‘alar, shirinliklar va turli ehsonlar ulashildi. Mehr-oqibat va insonparvarlik namunasi bo‘lgan ushbu tadbir jajji qalblarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Alloh taolo yurtimiz farzandlarini ilmli, odobli, sog‘lom va Vatanimiz ravnaqiga munosib insonlar qilib kamol toptirsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati