Savol: Tavof qilish asnosida ziyoratchilar bir-birlari bilan yoki telefon orqali gaplashishlari mumkinmi? Ayrim odamlar bemalol gaplashib ketayotganlariga ko‘zimiz tushib qoladi.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavof asnosida zarur gaplarni gaplashish, bilmaganini ilmli insonlardan so‘rashi kabi ishlar muboh hisoblanadi. Hojati yo‘q, bekorchi gaplarni gaplashish taqiqlanadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Baytulloh atrofida tavof qilish xuddi namoz kabidir. Faqatgina unda gapirishingiz mumkin. Kimki unda gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” (Imom Termiziy rivoyati).
“Gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” iborasi ulamolar tomonidan Alloh taoloni zikr qilish, foydali ilm o‘rganish va o‘rgatish kabi savob beriladigan amallar deb, sharhlangan.
Tavof – savobi ulug‘ amal hisoblanadi, qolaversa, xorijiy o‘lkalardan boruvchilar uchun boshqa joyda topa olmaydigan amal hamdir. Shu sababli bunday muqaddas makonlarda, g‘animat vaqtlarda duo-yu iltijolar, tavba-yu istig‘forlar bilan mashg‘ul bo‘lmoq lozim. Bunday fursatni oldi-qochdi gaplar bilan o‘tkazib yuborish mo‘l-ko‘l savoblardan bebahra qolishga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini oshirish rejasiga muvofiq, Farg‘ona viloyatining Quva, Toshloq, Rishton va Furqat tumanlari imom-xatiblari Toshkent shahridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga borishdi.
Tashrif davomida imom-xatiblar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar diniy soha vakillarida chuqur taassurot qoldirdi.
Diniy soha xodimlari markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yurtimizda ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Belgilangan rejaga asosan, Farg‘ona viloyatining boshqa shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarning ham markazga tashriflari bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati