Savol: Tavof qilish asnosida ziyoratchilar bir-birlari bilan yoki telefon orqali gaplashishlari mumkinmi? Ayrim odamlar bemalol gaplashib ketayotganlariga ko‘zimiz tushib qoladi.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavof asnosida zarur gaplarni gaplashish, bilmaganini ilmli insonlardan so‘rashi kabi ishlar muboh hisoblanadi. Hojati yo‘q, bekorchi gaplarni gaplashish taqiqlanadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Baytulloh atrofida tavof qilish xuddi namoz kabidir. Faqatgina unda gapirishingiz mumkin. Kimki unda gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” (Imom Termiziy rivoyati).
“Gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” iborasi ulamolar tomonidan Alloh taoloni zikr qilish, foydali ilm o‘rganish va o‘rgatish kabi savob beriladigan amallar deb, sharhlangan.
Tavof – savobi ulug‘ amal hisoblanadi, qolaversa, xorijiy o‘lkalardan boruvchilar uchun boshqa joyda topa olmaydigan amal hamdir. Shu sababli bunday muqaddas makonlarda, g‘animat vaqtlarda duo-yu iltijolar, tavba-yu istig‘forlar bilan mashg‘ul bo‘lmoq lozim. Bunday fursatni oldi-qochdi gaplar bilan o‘tkazib yuborish mo‘l-ko‘l savoblardan bebahra qolishga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:
﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾
“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.
Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi