Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Moturidiy fiqhda Imom Abu Hanifa mazhabida bo‘lganidek, e’tiqodiy qarashlari ham u zotning aqidaga oid asarlari asosida shakllangan. Shuning uchun ham ba’zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham atalgan. Masalan, Hasan ibn Abdul Muhsin Abu Azba “Ravzatul bahiya fiyma baynal Ashairoti val Moturidiya” (Ash’ariylar va Moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor” asarida moturidiylarni hanafiylar deb atagan.
Shu o‘rinda modomiki Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsa, nega aqidada ham hanafiya mazhabidamiz deyilmasdan, moturidiya mazhabidamiz deyiladi? degan haqli savol paydo bo‘ladi.
Bu savolga Doktor Ali Abdulfattoh Mag‘ribiy “Imomu Ahlis sunna val jamoa Abu Mansur Moturidiy va aroouhul kalamiya” (Ahli sunna val jamoa imomi Abu Mansur Moturidiy va uning kalom ilmidagi qarashlari) asarida batafsil javob bergan bo‘lib, javobning xulosasi quyidagilardir:
“Abu Hanifadan keyin u zotning davrlarida bo‘lmagan karromiya va botiniya singari yangi firqalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari Abu Mansur Moturidiydan ilgari ma’rifatulloh singari ayrim masalalar ehtiyoj bo‘lmagani sababli hali tahqiq qilinmagan edi.
Shuningdek, Abu Hanifa davrida Alloh taoloning sifatlari to‘g‘risidagi hamda tavhidni isbot qilish va unda aqlning tutgan o‘rni qay darajada ekani haqidagi masalalar batafsil bayon qilinmagan edi. Bir so‘z bilan aytganda kalom ilmi to‘liq shakllanib ulgurmagan edi. Qolaversa kalom ilmi Abu Mansur Moturidiydan ilgari Ahli sunna val jamoa ulamolari nazdlarida maqbul ilm sanalmas, balki man qilingan ilm hisoblanar edi. Abu Mansur Moturidiyning tahqiqlari tufayli bu ilm maqbul ilmga aylandi.
Demak, Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaning tutgan yo‘llarini faqatgina sharhlab berish bilan kifoyalangan emas, balki alohida o‘ziga xos yangi yo‘lga asos solgan olimdir. Shunga ko‘ra hanafiya mazhabida fiqhda Abu Hanifaga, aqidada Moturidiyga murojaat qilinadi”.
G‘ayratjon ASABOYEV,
Yangiqo‘rg‘on tumani “Eskiobod” jome masjidi imom-xatibi
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati