Bugun, 2 iyun kuni "Haj – 2026" mavsumining ilk ziyoratchilarini olib keladigan dastlabki samolyotlar Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.
Ushbu dastlabki aviareyslar orqali Toshkent shahri ziyoratchilari yurtimizga qaytib kelishadi. Shuningdek, hojilarimiz respublikamizning 10 ta hududidagi xalqaro aeroportlarda tantanali ravishda kutib olish reja qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, haj safarini yakunlagan yurtdoshlarimizni Jidda shahridan olib kelish ishlari joriy yilning 19 iyun kuniga qadar izchil davom ettiriladi.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning haj ibodatlarini mabrur aylab, o‘z uylariga eson-omon yetib kelishlarini nasib qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati