Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hojilarimizga vatanga qaytish oldidan navbatdagi ma’ruzamni qilib, xonamga qaytib keldim. Suhbatdan so‘ng hamxonam, fizika-matematika fanlari nomzodi (PhD), ustoz Xayrulla Rahmatullayevich Shamatov shunday bir mulohazani aytib qoldilarki, uni eshitib o‘rnimdan turib ketdim.
Darhaqiqat, ba’zan bir raqam minglab so‘zlar ochib bera olmaydigan haqiqatlarni ifoda qilib beradi.
Bu yil O‘zbekistondan haj safariga kelish baxti 15 ming nafardan ortiq ziyoratchi uchun nasib etdi. Endi bir lahza tasavvur qiling.
Yurtimiz aholisi bugun qariyb 40 million nafar. Agar shartli ravishda ularning 15 million nafari haj qilish imkoniyatiga ega deb hisoblasak va har yili 15 ming nafardan ziyoratchi kelib tursa, bu insonlarning barchasiga haj nasib etishi uchun taxminan bir ming yil vaqt kerak bo‘lar ekan.
O‘n asr... Bir ming yil...
Bugundan orqaga nazar tashlasangiz, bu muddat bizni Imom Buxoriy rahmatullohi alayh yashagan davrlarga olib boradi.
Demak, aynan Sizga shu yil, shu fasl, shu kunlarda Alloh taoloning mehmoni bo‘lish nasib etgani oddiy voqea emas.
Bu millionlar ichidan qilingan tanlovdir!
Qaysidir ma’noda – mo‘jiza!
Bugun Siz haj ibodatini ado etdingiz!
Bugun Siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hujrai saodatlari oldida salom va salavotlar aytdingiz!
Bugun Siz Ka’bani ko‘rib turibsiz!
Bugun Siz Masjidul Haromda namoz o‘qiyapsiz!
Bugun Siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yurgan, Qur’on oyatlari nozil bo‘lgan ikki muborak zaminda qadam bosib turibsiz!
Bugun Siz ikki Harami sharif azonlarini o‘z qulog‘ingiz bilan eshityapsiz!
Holbuki, shu orzu bilan yashab, unga yeta olmay dunyodan o‘tgan qanchadan-qancha insonlar bor...
Shuning uchun ham haj safari inson hayotidagi oddiy safar emas.
U qalbni o‘zgartirish uchun berilgan imkoniyatdir!
U tavba uchun ochilgan eshikdir!
U yangi hayot sari yo‘llanma beruvchi ilohiy chaqiriqdir!
Nabiy alayhissalom mabrur hajning mukofoti jannatdan boshqa narsa emasligini bashorat qilganlar.
Endi bir o‘ylab ko‘raylik: mukofoti jannat bo‘lgan amalni ado eta turib, inson hali ham g‘azabini tark etmasa, tilini yomon so‘zdan saqlamasa, odamlarni ranjitishdan qaytmasa, vaqtlarini bozor kezish va behuda mashg‘ulotlarga sarflab yursa, bu ulug‘ ne’matning qadrini qay darajada anglagan bo‘ladi?
Haj – Ka’bani ko‘rish emas, qalbni uyg‘otishdir!
Haj – Makkaga kelish emas, Allohga qaytishdir!
Haj – safarning tugashi emas, yangi hayotning boshlanishidir!
Shunday ekan, bu muborak kunlarning har bir nafasini g‘animat bilib, Alloh bizga nasib etgan bu beqiyos imkoniyatning qadriga yetaylik.
Zero, ba’zi insonlar bu yerga kelish uchun yillar emas, asrlar navbatida turibdi...
Alloh taolo hajimizni haji mabrur, sa’y-harakatlarimizni mashkur, gunohlarimizni mag‘fur, duolarimizni maqbul aylasin.
Omiyn.
Nurali domla MAVLANOV,
“Haj-2026” mavsumi Toshkent viloyati 12-guruh ziyoratchilari rahbari, Toshkent tumani “Ko‘k Terak” jome masjidi imom-xatibi,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tayanch doktoranti.
2 iyun, 2026 yil, Makka
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati