2 iyun kuni "Haj – 2026" mavsumining navbatdagi guruh ziyoratchilari, xususan, ular safidagi 100 nafar "Prezident hojilari" muborak diyorda haj amallarini to‘liq ado etib, yurtimizga eson-omon yetib kelishdi.
Hojilarni Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov, “Haj - 2026” ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari ehtirom ila kutib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, hojilarimiz muborak diyorda har bir qadamda ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni his etishdi. Muqaddas joylarda haj arkonlarini ixlos bilan bajargan ziyoratchilar safar davomida muhtaram Yurtboshimiz, mehridaryo xalqimiz haqiga duolar qilib kelishdi.
Ona Vatan bag‘riga sog‘-salomat qaytib, yaqinlari bilan diydorlashgan hojilarimizning yuz-ko‘zlarida shukronalik, mamnunlik hissi dillarga yanada xursandchilik ulashdi.
Alloh taolo barcha hojilarimizning hajlarini mabrur, ibodatu duolarini maqbul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati