Rukudan avval va rukudan keyin qo‘llar otning dumiga o‘xshab ko‘tarilmaydi. Hanafiy va Molikiy mazhabi ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki uchinchi rakatning qiyomiga turganda qo‘l ko‘tarilmasligini aytadilar. Bu so‘zlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib: «Nimaga sizlarni ikki qo‘llaringizni qaysar otning dumiga o‘xshab ko‘tarayotganingizni ko‘ryapman?! Namozda sokin turinglar» dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Asvaddan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattobning avvalgi takbirda ikki qo‘lini ko‘targanini ko‘rdim. Keyin buni qaytarmadi» Imom Tahoviy rivoyati.
Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini o‘qib beraymi?» deb namoz o‘qidi. Ikki qo‘lini birinchi martada ko‘targandan boshqa ko‘tarmadi».
Sajdaga borganda avval tizza yerga qo‘yiladi. Sajdaga borilayotganda yerga yaqin a’zolar birin-ketin yerga qo‘yiladi, ya’ni avval tizza, keyin qo‘llar va yuz. Sajdadan turayotganda yerdan uzoq a’zolar birinchi ko‘tariladi, ya’ni yuz, qo‘l, tizza. Zaruratsiz yerga tayanib turish makruh. «Fatavoi Hindiya» kitobida bunday deyiladi: «Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo yerga yaqin bo‘lgan a’zoni (yerga) qo‘yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so‘ng ikki qo‘lini, so‘ng burnini, so‘ngra peshonasini yerga qo‘yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so‘ng burnini, so‘ngra ikki qo‘lini ko‘taradi...».
«Muxtasarul-viqoya» kitobida esa: «(Namoz o‘quvchi) rukudan so‘ng takbir aytadi va sajda qiladi. Sajdaga borish asnosida avval tizzalarini so‘ngra qo‘llarini yerga qo‘yadi, (sajdadan turganida) takbir aytadi va avval boshini so‘ngra ikki qo‘li va tizzalarini yerdan ko‘taradi...», deyilgan.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo‘llaridan avval tizzalarini yerga qo‘yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo‘llarini yerdan ko‘targanlarini ko‘rdim», deyiladi (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa: «Biz hazrat Umar roziyallohu anhuning namozlaridan shuni o‘rgandikki, u kishi ruku qilganlaridan keyin huddi tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalar edilar va tizzalarini qo‘llaridan avval yerga qo‘yardilar», deyiladi (Imom Tahoviy Alqama va Asvad roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar).
Bu borada bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o‘rganib, «sajda qilishda avvalo yerga yaqin a’zolar yerga qo‘yiladi va sajdadan turishda esa yerdan uzoq bo‘lgan a’zolar yerdan ko‘tariladi», degan fikrga ittifoq bo‘lganlar. Oyoqlarning barmoqlari qiblaga qaragan holda egilib, avval tizza yerga qo‘yiladi. So‘ngra, burun va peshona qo‘yilib, sajda qilinadi.
Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatimizning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari bir mazhab – Imom A’zam rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilishlari o‘ta muhim va juda zarurdir. Bu haqda Valiyulloh Dehlaviy rahmatullohi alayh «Al-Insof fiy bayon sabab al-ixtilof»da shunday yozadi: «Agar bir omi odam Hind yoki Movarounnahr diyorida yashasa, u yerda Shofe’iy, Molikiy yoki Hanbaliy mazhablarining birorta olimi ham, shu mazhabga tegishli kitoblar ham bo‘lmasa unga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi va bu mazhabdan chiqishi harom bo‘ladi».
P. Yusupov,
Namangan tuman bosh imom-xatibi
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati