Ibratli hikoyalar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Hikoyamiz maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ayol haqida. Uning turmush o‘rtog‘i fabrikada ishlaydigan juda band inson edi. Uning kunduzi ham, kechasi ham deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmasdi.
Kunlarning birida o‘qituvchi o‘quvchilariga o‘z orzulari haqida insho yozish vazifasini berdi. Bolalar insho yozishga kirishdilar. Dars tugagach, ustoz barcha insholarni yig‘ib olib, baholash uchun uyiga olib ketdi.
O‘qituvchi insholarni birin-ketin o‘qib chiqar ekan, to‘satdan bir inshoga ko‘zi tushib, qattiq yig‘lab yubordi. Shu payt eri xonaga shoshilib kirib:
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Ayol:
— Mana shu inshoni o‘qiganim uchun yig‘layapman, — dedi.
— Nega? Insho nima haqida ekan? Qani, bir ko‘raychi.
— Sizga o‘qib beraymi?
— Mayli, o‘qing.
— Bir bolaning orzusi telefon bo‘lish ekan.
— Nima?!
— Ha, u shunday deb yozibdi: «Telefon bo‘lishni xohlayman».
Ayol inshoni o‘qishda davom etdi:
«Allohim, meni telefonga aylantirib qo‘y. Shunda butun oilam — ota-onam, aka-ukalarim va opa-singillarim menga e’tibor berishadi.
Allohim, meni telefonga aylantir. Chunki otam ishdan uyga kelganda menga qaramaydilar, ammo telefondan boshlarini ko‘tarmaydilar. Soatlab videolar tomosha qiladilar.
Allohim, meni telefonga aylantir. Shunda onam uyga kelganlarida menga baqirmaydilar. Axir telefon bilan kulib, mamnun bo‘lib vaqt o‘tkazadilar-ku!
Allohim, meni telefonga aylantir. Toki telefonning o‘rnini men egallay.
Allohim, men ko‘p narsa so‘ramayman. Faqat oilam atrofimda to‘planishi uchun telefon bo‘lishni xohlayman, xolos».
Ota ayolining yig‘layotganini ko‘rib:
— Qanday bechora bola ekan! Uning ota-onasi juda ham beparvo ko‘rinadi, — dedi.
Bu gapni eshitgan ayol yanada qattiqroq yig‘lay boshladi.
Eri hayron bo‘lib:
— Nega yana yig‘layapsiz? — deb so‘radi.
Ayol ko‘z yoshlari ichida javob berdi:
— O‘g‘limiz mening sinfimda o‘qishini va men uning o‘qituvchisi ekanimni unutdingizmi? Bu inshoni sizning o‘g‘lingiz yozgan...
Hurmatli ota-onalar!
Iltimos, farzandlaringizga vaqt ajrating. Hech qachon ularni his-tuyg‘ulardan mahrum deb o‘ylamang. Bolalar juda ta’sirchan bo‘ladilar. Ular hatto eng kichik narsalarga ham e’tibor beradilar.
Farzandingizning yuzidagi umid va quvonch tabassumini ko‘rishni xohlaysizmi? Bu siz ularga qancha pul berganingizda yoki qanday o‘yinchoq, velosiped olib berganingizda emas. Balki ularga ko‘rsatadigan mehringiz, e’tiboringiz va ajratadigan vaqtingizdadir.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”, deganlar.
Davron NURMUHAMMAD
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi