Yurtimizga Yoz oylari kirib keldi. Shukrlar bo‘lsin.
Maktablarda o‘kuv yili tamomlandi. Kecha birinchi sinfga qadam qo‘ygan bitiruvchiga ham aylandi.
Maktabgi tamomlaganlar Oliy dargohlariga talaba bulish umidida arizalar topshirish taraddudida.
Bitiruvchi o‘kuvchilardan boshqa farzandlarimiz yozgi ta’til davrida oila bag‘rida. Ammo ming afsuski, o‘kuv yili tugadi degani, ta’lim olish tarbiya olish tugamadi.
Zero, Rasulullox alayxissalom: “Beshikdan kabrgacha ilm izla!” dedilar.
E’tibor berayliga, beshikdan kabrgacha degan zamon uz ichiga yoz oylarini xam oladi.
Dono xalqimizda ajib nakl bor.
“Do‘stni g‘aflati dushmanni ganimati”
Darhaqiqat farzandlarimizni nazoratsiz qoldirsak, hoxlagan ishlariga qo‘l urishlari aniq.
Alloh taolo insonni ilm bilan sharafladi. Ilm – qalblarni yoritadigan nur, jaholat zulmatidan najot beradigan yo‘ldir. Shu sababli mo‘min banda ilm olishni ma’lum bir faslga, yoshga yoki vaqtga bog‘lab qo‘ymaydi. Chunki ilm olish ibodati umrning oxirigacha davom etadigan sharafli vazifadir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat).
Yana bir oyatda: “Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilgan zotlarni baland darajalarga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Bu oyatlar ilm ahlining Alloh huzuridagi yuksak maqomini ko‘rsatadi. Ilm egallash uchun yozning issig‘i, qishning sovug‘i, ta’til yoki boshqa bahonalar to‘siq bo‘la olmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” (Ibn Moja rivoyati).
Hadisda ilm talab qilish uchun muddat yoki cheklov belgilanmagan. Demak, musulmon kishi doimo o‘rganishda, izlanishda va o‘zini kamolga yetkazishda davom etishi kerak.
Salaf ulug‘larimiz ilm yo‘lida mislsiz sabr va matonat ko‘rsatganlar. Imom Abu Hanifa rahimahulloh, Imom Buxoriy rahimahulloh, Imom Termiziy rahimahulloh kabi buyuk allomalar umrlarining so‘nggi damlarigacha ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ular uchun “dam olish” ilmni tark qilish emas, balki ilmni yanada mustahkamlash vositasi edi.
Afsuski, ba’zan ayrim kishilar ta’til kunlarini bekorchilik, foydasiz mashg‘ulotlar yoki vaqtni behuda sarflash bilan o‘tkazadilar. Holbuki, bir daqiqa ham qaytib kelmaydi. Vaqt – Allohning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Rasululloh sallollohu alahhi vasallam aytadilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qoladilar: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ta’til kunlari Qur’on tilovati, diniy va dunyoviy foydali kitoblarni mutolaa qilish, ilmiy suhbatlarda qatnashish, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish bilan bezatilishi lozim.
Ilmning eng go‘zal jihati shundaki, u insonni dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga eltadi. Mol-dunyo sarflansa kamayadi, ilm esa ulashilgan sari ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun haqiqiy muvaffaqiyat egasi – vaqtini ilm bilan qadrlagan kishidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimiz.
Ta’til maktabda, oliygohda yoki ish faoliyatida bo‘lishi mumkin. Ammo ilm olishda ta’til bo‘lmaydi. Mo‘min inson har kuni yangi bir foydali ma’lumot o‘rganishga, Qur’on va sunnat ilmlarini egallashga intiladi. Chunki ilm yo‘li – jannat yo‘lidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim ilm izlash yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizni ilmni sevuvchi, unga amal qiluvchi va uni boshqalarga yetkazuvchi bandalaridan qilsin.
Shuhratilla Isroilov,
Uchqo‘rg‘on tumani bosh imom-xatibi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.
Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati