Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Hadislar ham Alloh muhofazasidadir

04.06.2026   16666   12 min.
Hadislar ham Alloh muhofazasidadir

Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.

Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.

Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].

«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.

Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».

Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].

Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.

Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.

«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.

Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.

Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.

Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.

Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.

Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.

Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.

Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.

Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.

Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.

Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar den [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.

Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.

Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.

Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.

Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.

Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.

Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.

Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.

Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.

Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.

Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.

Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.

Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.

Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.

So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.

Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Gunohi kabira qilganning imoni

17.09.2026   5309   16 min.
Gunohi kabira qilganning imoni

Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.


Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.


Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.


Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.


Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.


Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.


Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.


Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.


Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.


Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.


Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.


Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.


“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.


Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.


Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.


Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.


Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.


Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.


Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.


Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.


Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.


Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.


Ravshan ELMURODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

 

 


[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.

[2] Niso surasi, 14-oyat.

[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.

[4] Baqara surasi, 178-oyat.

[5] Baqara surasi, 178-oyat.

[6] Hujurot surasi, 10-oyat.

[7] Hujurot surasi, 9-oyat.

[8] Niso surasi, 14-oyat.

[9] Sajda surasi, 20-oyat.

[10] Niso surasi, 93-oyat.

[11] Sajda surasi, 20-oyat.

[12] Sajda surasi, 18-oyat.

[13] Baqara surasi, 178-oyat.

[14] Ra’d surasi, 6-oyat.

[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.

[16] Toha surasi, 48-oyat.

[17] Tahrim surasi, 8-oyat.

[18] Nur surasi, 31-oyat.

[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.

Ibratli hikoyalar