Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, og‘ir mashaqqatlar bilan dunyoga keltiradi va butun umrini uning kamoli uchun bag‘ishlaydi. Farzandga bo‘lgan bu muhabbat Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir.
Ammo ayol kishi o‘g‘lini uylantirgan kuni qaynonaga aylanadi. Shu kundan boshlab u farzandi hayotidagi eng muhim inson sifatidagi o‘rnini boshqa bir inson — kelini bilan baham ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Darhaqiqat, qaynona bo‘lish oson emas. Bu ayol hayotidagi muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lib, ko‘pincha uning ahamiyati yetarlicha e’tirof etilmaydi.
Har bir ayol yaxshi qaynona bo‘lishni istaydi. Biroq buni aytish oson, amal qilish esa ancha mushkul. Chunki ona bilan o‘g‘lining turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi munosabat juda nozik va ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Musulmon inson hayotdagi har bir o‘zgarishga tayyor turishga harakat qilishi lozim. Qaynonalik mas’uliyati ham bundan mustasno emas.
1. Kelin sizning qizingiz emas
Har bir qaynona avvalo bir haqiqatni qabul qilishi kerak: o‘g‘lingizning ayoli sizning qizingiz emas. U boshqa oilada, boshqa muhitda tarbiya topgan. Shuning uchun undan o‘z qizlaringizdan kutgan narsalarni kutmang.
U bilan qo‘pol yoki haddan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri muomala qilmang. Chunki u sizning yaxshi niyatingizni qizlaringiz kabi darhol tushunmasligi mumkin.
2. Keliningizga qizingizga qanday munosabat qilinishini istasangiz, shunday munosabatda bo‘ling
Keliningiz ham bir oilaning ardoqli farzandi. Qizingizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasangiz, unga ham shunday munosabatda bo‘ling.
Uning har bir xatosini kuzatib yurmang. Har bir kamchiligi uchun hukm qilishga shoshilmang. Agar biror xato qilsa yoki kamchilikka yo‘l qo‘ysa, qizingizni kechirganingiz kabi kechirishga harakat qiling.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi” (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Hamdun Qassor rahmatullohi alayhning quyidagi hikmatli so‘zlarini ham yodda tuting: “Agar do‘stingizdan biror xato o‘tsa, unga yetmishta uzr toping. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, aybni o‘zingizdan qidiring”.
3. Ayollar tug‘ma uy bekasi emasligini unutmang
O‘zingizning yosh kelin bo‘lgan davringizni eslang. O‘sha paytdagi tajribangiz bilan bugungi mahoratingizni taqqoslang.
Yaxshi uy bekasi bo‘lish bir kunda shakllanmaydi. U vaqt, sabr va tajriba orqali qo‘lga kiritiladigan fazilatdir.
4. O‘g‘lingizga tegishli har bir narsa sizga tegishli emas
Oila qurgan o‘g‘lingizning va uning turmush o‘rtog‘ining mol-mulki ularning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularning hayotiga va shaxsiy qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimdir.
5. O‘g‘lingiz o‘z mas’uliyatlarini anglashi kerak
Ona sifatida farzandlaringiz ustida katta haq-huquqlarga egasiz. Farzandingizni bu haq-huquqlarni to‘g‘ri anglagan holda tarbiyalang. Ayniqsa, o‘g‘lingizga ayolining haqlarini ham o‘rgating. Toki u onasining haqlarini ado qilish bahonasida turmush o‘rtog‘ining huquqlarini poymol qilmasin.
6. Dushman emas, ittifoqchi bo‘ling
O‘g‘lingiz va nabiralaringizga g‘amxo‘rlik qilish yo‘lida keliningiz bilan ahil bo‘lishingiz lozim. Sizlar bir-biringizga qarshi emas, balki bir maqsad yo‘lida harakat qilayotgan ittifoqchilarsiz.
Ishonch va samimiyatga asoslangan munosabatlarni shakllantiring. Keliningiz uning manfaatlarini o‘ylayotganingizni his qilsin.
Uning yutuqlaridan o‘zingiznikidek quvoning. Zero, uning baxti va muvaffaqiyati butun oilaning baxtidir.
Eng muhimi, keliningizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsating. Unga yaxshi so‘zlar ayting. Chunki shirin so‘z va samimiy munosabat inson qalbida muhabbat uyg‘otadi.
Unutmang: siz ham bir vaqtlar qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan kelin bo‘lgansiz.
Yurtimizdagi har bir oila baxtiyor oila bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati