Tadbir doirasida Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev tumandagi «Qosim Shayx» jome masjidida diniy soha xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hududda faoliyat olib borayotgan otinoyilarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi muhokama qilindi hamda galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Sayyor seminar doirasida viloyat otinoyilari o‘zlariga biriktirilgan mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va ko‘makka ehtiyojmand oilalar xonadonlariga kirdi. Suhbatlar davomida fuqarolarning ko‘ngli ko‘tarilib, diniy-ma’rifiy mavzularda nasihatlar qilindi va yurt tinchligi, xonadonlar osoyishtaligini so‘rab duolar qilindi.
Xayriya tadbiri davomida otinoyilar tomonidan jami 10 ta xonadon egalariga ma’naviy qo‘llab-quvvatlov bilan bir qatorda, zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat moddiy ehsonlar ham topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati