Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi salomatligini saqlash, jismoniy quvvatini oshirishda piyoda yurish va yugurishning o‘rni beqiyos.
Ulamolarning ijtihodlariga ko‘ra, ulovga zarurat bo‘lmagan paytlarda piyoda yurish mustahab amal sanaladi.
Piyoda yurish borasida ilmiy tadqiqot o‘tkazgan amerikalik olim Pol Bregg aytadi: "Piyoda yurish vaqtida siz jismoniy harakatni ma’naviy harakatga aylantirasiz. Shu yo‘l bilan barcha g‘ubor va g‘am-tashvishlaringizdan xalos bo‘lasiz. Qon tomirlar bo‘ylab tanani tozalab, oziqlantirgani kabi piyoda yurish ham aqlni tozalaydi, uni ijobiy fikrlar bilan to‘ldirib, sizning salomatligingizga sabab bo‘ladi".