Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson qalbi – Alloh taoloning nazari tushadigan muqaddas makon. Biroq bu makonni zaharlovchi, ma’naviy hayotni izdan chiqaruvchi illatlar borki, ularning eng xavflisi adovat va kek saqlashdir. Adovat shunday bir olovki, u avvalo egasining qalbini kuydiradi, so‘ngra jamiyat jipsligiga putur yetkazadi.
Qur’oni karimda adovatdan qaytarilgan.
Islom dini insonlarni o‘zaro muhabbat va kechirimli bo‘lishga chorlaydi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘minlarni bir-birlariga nisbatan qalblarida g‘araz saqlamaslikka chaqirib, bunday marhamat qiladi: «Parvardigoro, O‘zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan biron g‘araz (adovat) paydo qilmagin...» (Hashr surasi, 10-oyat).
Bu oyat mo‘min kishi nafaqat tilida, balki ichki dunyosida ham boshqalarga nisbatan pok bo‘lishi kerakligini anglatadi. Adovat bor joyda iymon halovati bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatni adovat va nafratdan qattiq ogohlantirganlar. Zero, bu illat insonning qilgan barcha ezgu amallarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Bir-biringizga adovat qilmang, bir-biringizga hasad qilmang va bir-biringizdan yuz o‘girmang. Ey Allohning bandalari, o‘zaro birodar bo‘ling!" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Adovatning inson hayotiga ta’siri juda kuchlidir.
Adovat — bu ruhiy zanjir. Kek saqlagan inson doimiy bezovtalikda yashaydi. Uning salbiy oqibatlarini quyidagicha tasniflash mumkin:
Ma’naviy tanazzul: Adovat egasining ibodatlaridan lazzat ketadi, chunki qalb nafrat bilan band.
Ijtimoiy inqiroz: Oilalar buzilishi, qarindoshlar o‘rtasidagi rishtalar uzilishi va jamiyatdagi ixtiloflarning bosh manbai adovatdir.
Sog‘liqqa ziyon: Tibbiy nuqtayi nazardan ham, doimiy nafrat va g‘azab qon bosimi, yurak xastaliklari va asab tizimi yemirilishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa
Adovat - qalbni ichidan kemiruvchi zangdir. Undan qutulishning yagona yo‘li - kechirimli bo‘lish. Birovdan o‘ch olish nafsni qondirishi mumkin, lekin kechirish qalbga haqiqiy orom beradi.
Zero, ulug‘larimiz aytganlaridek: "Kechirimli bo‘lish – zaiflik emas, balki kuchli ruhiyat belgisidir". Qalbimizni adovatdan poklab, mehr-muhabbatga joy ochaylik, shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz.
Habibullo Muminjonov,
Kosonsoy tumani “Islomxon” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati