Toshkent islom instituti qoshida faoliyat yuritayotgan Qarshi shahridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilari ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, institut prorektori Jahongir qori Ro‘ziyev, “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov hamda o‘quv kursi bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati, jamiyatda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni asrash har bir fuqaroning burchi ekani alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida, tinglovchilar o‘quv jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va malakali ustozlarning saboqlaridan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir davomida o‘quv kursi rivojiga munosib hissa qo‘shgan mas’ullar taqdirlanib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Yakunda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi hamda yoshlarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sa’y-harakatlari barakali bo‘lishini tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati