Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.
Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.
Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
Akbarshoh RASULOV
Iordaniya fatvo tashkiloti (Doiratul-ifto al-urduniyya) tomonidan savdo-sotiqda mahsulot qadog‘iga noto‘g‘ri ma’lumotlarni yozish va aslida yo‘q bo‘lgan xususiyatlarni da’vo qilishning hukmiga oid savolga oydinlik kiritildi. Unda ta’kidlanishicha, mazkur fatvo tashkilotiga quyidagicha savol kelib tushgan:
Savol: Biz bir mahsulot ishlab chiqarib sotamiz. Uning qadog‘iga kaloriya miqdorini “200 kkal atrofida” deb yozib qo‘ygan edik. Aslida esa uning kaloriyasi bundan ko‘proq. Biz shu holatida undan juda ko‘p miqdorda sotib yubordik. Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar qadoqqa kaloriya miqdorini asl holicha ko‘proq qilib yozganimizda ham mahsulotning narxi o‘zgarmasdi. Shu qilgan ishimizning hukmi qanday bo‘ladi va endi nima qilishimiz kerak?
Ushbu savolga Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday javob berishgan:
“Javob: Allohga hamdlar bo‘lsin, Payg‘ambarimizga salovat va salomlar bo‘lsin!
Islom dinida savdo-sotiq va o‘zaro muomalalarda yolg‘on gapirish va aldash qat’iyan harom qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ
«Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir» (Mo‘minun surasi, 8-oyat).
Boshqa oyatda esa:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ
«Ey, iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar», deyilgan (Tavba surasi, 119-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا (رواه مسلم)
«Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati).
Tovarga unda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni nisbat berish (masalan, qadoqqa noto‘g‘ri ma’lumot yozish) yolg‘on va firibgarlik hisoblanadi. Arzimas dunyoviy manfaatlarni deb yolg‘on gapirish va aldashning haromligi hech kimga sir emas. Iordaniya Fatvo kengashining 101-sonli qarorida shunday deyiladi:
“Musulmon kishi xoh tojir bo‘lsin, xoh savdo vakili yoki boshqa vazifada bo‘lsin, barcha so‘zlarida rostgo‘y bo‘lishi, o‘zi reklama qilayotgan va sotayotgan har qanday mahsulot haqidagi haqiqatni doim ochiq bayon qilishi shart. Qanday holat bo‘lmasin, yolg‘on gapirish va odamlarni chalg‘itish haromdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlaridek: «Rostgo‘ylikni lozim tutinglar, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapiraversa va rostgo‘ylikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «siddiqlardan» deb yoziladi. Sizlar yolg‘ondan hazir bo‘linglar, chunki yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa va yolg‘onchilikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «kazzoblardan» deb yoziladi» (Muttafaqun alayh). Va yana shunday deganlar: «Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati). Va yana: «Musulmon musulmonning birodaridir. Musulmon kishi o‘z birodariga biror aybli narsani sotsa, albatta, uni bayon qilishi shartdir» (Imom Ibn Moja rivoyati)”.
Savdo-sotiqda bilib-bilmay yolg‘on va firibgarlikka yo‘l qo‘ygan kishi zudlik bilan Alloh taologa chin dildan tavba qilishi vojibdir. Buning uchun darhol mazkur noto‘g‘ri ishni to‘xtatib, mahsulot qadog‘idagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni to‘g‘rilash, xaridorlarni bu holatdan xabardor qilish, bunday ishga qaytmaslikka qat’iy qaror qilish va qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, Allohdan ko‘p mag‘firat so‘rash hamda yaxshi amallarni ko‘paytirish lozim bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, modomiki mahsulotning narxi undagi noto‘g‘ri ma’lumot sababli oshmagan ekan (ya’ni kaloriyasi boshqacha yozilganda ham narx bir xil bo‘lsa), foydaning qaysidir qismini ajratib tashlash talab etilmaydi. Chunki o‘rtada qaytarilishi kerak bo‘lgan farq yo‘q. Biroq, topilgan daromadni poklash va ko‘ngilni xotirjam qilish maqsadida yaxshilik yo‘llariga sadaqa qilib yuborish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, sotilayotgan mahsulotda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni bor deb da’vo qilish haromdir. Bu Islomda taqiqlangan yolg‘on va aldov sanaladi. Bunday ishga qo‘l urgan kimsa darhol chin tavbaga shoshilishi lozim, daromadni poklash uchun esa sadaqa qilishi maqsadga muvofi bo‘ladi. Vallohu a’lam”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi