Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.
Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.
Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
Akbarshoh RASULOV
#2025_2026_yillik_hisobot
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 1971 yil tashkil etilgan oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Bugungi kunda institutda:
14 ta tarkibiy bo‘limda 91 nafar xodim;
5 ta kafedrada 106 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.
Institutda jami 594 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan:
20 nafar magistrant (4 nafar ayol-qiz);
225 nafar bakalavr (57 nafar ayol-qiz);
352 nafar modul ta’lim tizimi tinglovchilari.
Ta’lim shakllari:
• kunduzgi bakalavriat;
• kunduzgi magistratura;
• modul (maxsus sirtqi) ta’limi.
Ta’lim muddati:
• bakalavriat — 4 yil;
• magistratura — 2 yil;
• modul ta’limida imomlar — 3 yil;
• imom noiblari — 4 yil.
Ta’lim yo‘nalishlari:
Bakalavriat:
• 60220200 — «Islomshunoslik»;
• 60220700 — «Teologiya».
Magistratura:
• 70220701 — «Teologiya».
Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi. Ushbu diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy diniy ta’lim sohasidagi tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistr darajasini tasdiqlovchi rasmiy hujjat hisoblanadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy, 100002.
Telefon: (71) 240-03-58
@oliymahad – diniy-ma’rifiy kanali.
Oliymahad.uz