Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Kechinma

09.06.2026   12849   2 min.
Kechinma

Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.


Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.


Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
 

Akbarshoh RASULOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

07.08.2026   26572   1 min.
Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat, deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov.

Uning aytishicha, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi.

“Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi”, - Bo‘ronov so‘zidan iqtibos keltiradi “Zarafshon” nashri.

Uning fikriga ko‘ra, Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. “Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, - o‘z so‘zini  yakunladi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari