Savol: Qabristonlarda sehru jodu qilish holatlari ko‘payib bormoqda shunga munosabat bildirsangiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sehr qayerda qilinsa ham, dinimizda ta’qiqlangan, harom ishlardan hisoblanadi. Bu ishni halol deb qilayotganlar imonidan ajraydi va katta gunohga qoladi. Sehrgar – oxiratda nasibasi yo‘q kishidir. Bu ish bilan shug‘ullanadiganlar kech bo‘lmasdan, o‘lim yoqadan tutmasdan turib, tezda tavba qilishlari lozim bo‘ladi.
“Sehr” arabcha so‘z bo‘lib, “kelib chiqishi maxfiy narsa”, “biror narsani aslidan boshqacha qilib ko‘rsatish” ma’nolarini bildiradi (“Mo‘jamul vasit” kitobi).
Sehr – noshar’iy so‘zlar bilan tugunlarga dam solish yoki sehrlanadigan kishiga yuzma-yuz kelmasdan ham uning badani, qalbi va aqliga ta’sir qiladigan ishlarni qilishdir.
Sehrning inson jismiga zararli ta’siri mavjud. Quyidagi oyati karimada sehrgarlarning odamlarga yetkazadigan zarari va u faqat Allohning izni bilangina bo‘lishi haqida bunday deyiladi:
فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلاَّ بِإِذْنِ اللَّهِ
“Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar” (Baqara surasi 102-oyat).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh sehr qilish harom amal ekaniga ijmo’ bo‘lganini rivoyat qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom yettita halok qiluvchi gunohni sanab, Allohga shirk keltirish va nohaq odam o‘ldirish kabi katta gunohlar o‘rtasida sehrni zikr qildilar:
اجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَمَا هُنَّ قَالَ الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَالسِّحْرُ وَقَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَأَكْلُ الرِّبَا وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَالتَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَقَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ (رواه الامام البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه)
“Yetti halok etuvchidan chetlaning”. Odamlar: “Ular nimalar? Ey Allohning Rasuli” dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, riboxo‘rlik, yetimning molini yeyish, urush kuni qochish va soliha, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda ayblash”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, agar sehr qiluvchi tavba qilmasa, oxiratda qattiq azobga qoladi. Hanafiy ulamolarimiz sehrgar sehr amalini qilishi bilan dindan chiqadi, deydilar. Bu esa, Alloh panoh bersin, do‘zaxda abadiy qolish deganidir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
وَلَقَدْ عَلِمُوا لَمَنِ اشْتَرَاهُ مَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ خَلَاقٍ وَلَبِئْسَ مَا شَرَوْا بِهِ أَنْفُسَهُمْ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُون
“Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!”.
Hanafiy, Molikiy va Hanbaliylar sehrni o‘rganish harom va kufr ekanini aytadilar. Buning dalili quyidagi oyati karima:
وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنْ أَحَدٍ حَتَّى يَقُولاَ إِنَّمَا نَحْنُ فِتْنَةٌ فَلاَ تَكْفُرْ
“(U ikki farishta): «biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!», – deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar” (Baqara surasi 102-oyat).
(“Quvayt fiqh enseklopediyasi” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati