Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyul, 2026   |   14 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:16
Bismillah
28 Iyul, 2026, 14 Safar, 1448

Qabristonda sehru jodu qilish

09.06.2026   12603   3 min.
Qabristonda sehru jodu qilish

Savol: Qabristonlarda sehru jodu qilish holatlari ko‘payib bormoqda shunga munosabat bildirsangiz?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sehr qayerda qilinsa ham, dinimizda ta’qiqlangan, harom ishlardan hisoblanadi. Bu ishni halol deb qilayotganlar imonidan ajraydi va katta gunohga qoladi. Sehrgar – oxiratda nasibasi yo‘q kishidir. Bu ish bilan shug‘ullanadiganlar kech bo‘lmasdan, o‘lim yoqadan tutmasdan turib, tezda tavba qilishlari lozim bo‘ladi.

“Sehr” arabcha so‘z bo‘lib, “kelib chiqishi maxfiy narsa”, “biror narsani aslidan boshqacha qilib ko‘rsatish” ma’nolarini bildiradi (“Mo‘jamul vasit” kitobi).
Sehr – noshar’iy so‘zlar bilan tugunlarga dam solish yoki sehrlanadigan kishiga yuzma-yuz kelmasdan ham uning badani, qalbi va aqliga ta’sir qiladigan ishlarni qilishdir.
Sehrning inson jismiga zararli ta’siri mavjud. Quyidagi oyati karimada sehrgarlarning odamlarga yetkazadigan zarari va u faqat Allohning izni bilangina bo‘lishi haqida bunday deyiladi:

فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلاَّ بِإِذْنِ اللَّهِ

“Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar” (Baqara surasi 102-oyat).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh sehr qilish harom amal ekaniga ijmo’ bo‘lganini rivoyat qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom yettita halok qiluvchi gunohni sanab, Allohga shirk keltirish va nohaq odam o‘ldirish kabi katta gunohlar o‘rtasida sehrni zikr qildilar:

اجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَمَا هُنَّ قَالَ الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَالسِّحْرُ وَقَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَأَكْلُ الرِّبَا وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَالتَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَقَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ (رواه الامام البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه)

“Yetti halok etuvchidan chetlaning”. Odamlar: “Ular nimalar? Ey Allohning Rasuli” dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, riboxo‘rlik, yetimning molini yeyish, urush kuni qochish va soliha, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda ayblash”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, agar sehr qiluvchi tavba qilmasa, oxiratda qattiq azobga qoladi. Hanafiy ulamolarimiz sehrgar sehr amalini qilishi bilan dindan chiqadi, deydilar. Bu esa, Alloh panoh bersin, do‘zaxda abadiy qolish deganidir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

وَلَقَدْ عَلِمُوا لَمَنِ اشْتَرَاهُ مَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ خَلَاقٍ وَلَبِئْسَ مَا شَرَوْا بِهِ أَنْفُسَهُمْ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُون

“Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!”.

Hanafiy, Molikiy va Hanbaliylar sehrni o‘rganish harom va kufr ekanini aytadilar. Buning dalili quyidagi oyati karima:

وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنْ أَحَدٍ حَتَّى يَقُولاَ إِنَّمَا نَحْنُ فِتْنَةٌ فَلاَ تَكْفُرْ

(U ikki farishta): «biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!», – deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar” (Baqara surasi 102-oyat).
(“Quvayt fiqh enseklopediyasi” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyda axlat to‘plashning zararlari

27.07.2026   5554   1 min.
Uyda axlat to‘plashning zararlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni uy va hovlilarni ozoda tutishga, chiqindi va axlatlarni to‘plab qo‘ymaslikka chaqirganlar. U zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadir. Ozodadir, ozodalikni suyadir. Karamlidir, karamni suyadir. Saxiydir, saxiylikni suyadir. Shunday ekan, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!” (Imom Termiziy rivoyati).

Uyda axlat to‘plab qo‘yish nafaqat diniy, balki tibbiy va psixologik jihatdan ham katta zararlarga ega. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib tashlamaslik uy muhiti va inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

To‘plangan axlat suvaraklar, pashshalar, sichqon va kalamushlarni o‘ziga tortadi. Ular vabo, tif va dizenteriya kabi xavfli infeksiyalarni tashiydi.

Oziq-ovqat qoldiqlari tez chiriydi. Natijada havoda ko‘zga ko‘rinmas zamburug‘ sporalari ko‘payib, allergiya va astmani qo‘zg‘atadi.

Chirish jarayonida ammiak va vodorod sulfid kabi gazlar ajraladi. Bu gazlar bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va nafas qisishiga sabab bo‘ladi.

Betartib va axlat to‘la uyda yashash inson miyasini toliqtiradi. Bu doimiy stress, asabiylik va surunkali charchoqni keltirib chiqaradi.

Ifloslangan havo va tartibsizlik odamning ish qobiliyatini pasaytiradi. Diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashadi.

Davron NURMUHAMMAD

Uyda axlat to‘plashning zararlari
Maqolalar