Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «“Oh, Yusuf!” deb ko‘zlariga oq tushdi» (Yusuf surasi, 84-oyat).
Bu oyat uzoq vaqtdan beri mufassir va tibbiyot tadqiqotchilarini o‘ziga jalb qilib keladi. Ba’zi talqinlarga ko‘ra, bu “oq tushish” hozirda butun dunyoda ko‘rlikning asosiy sababi sifatida tan olingan “katarakta”ga ishora qiladi.
Ko‘zga oq tushishi – ko‘z gavharining xira tortishi bo‘lib, tabobat ilmida “katarakta” deyiladi. Bunda ko‘z gavharida xiralik paydo bo‘lib, ko‘rishni qisman yoki to‘liq to‘sib qo‘yadi. Ba’zida bu xiralik ko‘zni shu darajada zaiflashtiradiki, hatto inson butkul ko‘rmay qoladi.
Misrlik biokimyogar doktor Abdul Bosit Muhammad Sayyid aytadi: “Kunlarning birida bomdod namozida Yusuf surasini o‘qidim. Undagi ajoyib qissa e’tiborimni tortdi. Yusufga akalarining qilgan fitnasi, otasi uni yo‘qotib qo‘yib, qattiq qayg‘udan ko‘zi ko‘rmay qolgani, so‘ngra Yusuf alayhissalomning ko‘ylagini yuziga bosganida ko‘zi yana ochilgani haqida fikr yuritdim. O‘zimga o‘zim: “Yusufning ko‘ylagida nima bo‘lishi mumkinki, bunday shifoga sabab bo‘lsa va ko‘z o‘z holatiga qaytsa?” dedim. Ishonchim komilki, bu yerda faqat ruhiy davo emas, balki moddiy shifo ham bo‘lgan. Qur’onning haq ekanini tasdiqlash uchun bu masalani o‘rganib, oxiriga yetkazishim kerak. Men bu masala ustida tadqiqot o‘tkazdim va Alloh meni bunga muvaffaq qildi”.
Doktor Abdul Bosit Muhammad Sayyid terning Yaqub alayhissalomning ko‘rish qobiliyatini tiklashda rol o‘ynashi mumkinligi borasida ilmiy tadqiqotlar olib bordi.
Doktor Abdul Bosit inson tanasidan ajraladigan terning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan karbamidga e’tibor qaratdi va u katarakta hosil bo‘lishini qaytarishga yordam berishi mumkin degan gipotezani ilgari surdi.
Katarakta linzalarini ter eritmalariga botirib, linzalarning xiralashishini asta-sekin yo‘q qilishini kuzatdi. U ter tarkibiy qismlaridan olingan ko‘z tomchisi formulasini ishlab chiqdi va uni 250 nafar bemorda sinab ko‘rdi.
Natijada, 90 foizdan ortiq bemorning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, ammo ko‘zida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan. Doktor Abdul Bosit Muhammad bu ilmiy kashfiyotlari uchun Yevropa va Amerika Qo‘shma Shtatlarida patentlarni oldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
اللَّهُمَّ اجْعَلْ فِي بَصَرِي نُورًا
Allohummaj’al fiy basoriy nuron
“Yo Allohim, ko‘zimda nur qil” deb duo qilardilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo beminnat bergan ko‘z ne’matining shukrini ado etishimizni nasib aylasin. Ko‘zlaringiz hamisha quvonchdan porlab tursin!
Davron NURMUHAMMAD
Ma’lumki, Islom tarixida musulmonlar dastlab Habashistonga, keyinchalik Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshchiliklarida Makkadan Madinaga hijrat qilganlar. Shu hodisa dinimizda qamariy yil hisobining boshlanish sanasi sifatida tanlangan. Biz mazkur hijratlarda musulmonlar o‘z yashab turgan yerlaridan boshqa yurtlarga ko‘chib ketishga jonlari, e’tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan xatarning o‘ta kuchayganligi oqibatida sodir bo‘lganini ko‘ramiz.
Hijrat ikki turga: Abu Usmon Mujoshi’ ibn Mas’ud rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “...Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q...”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur hadis ta’kidlaganlar. Bundan ma’lum bo‘lishicha yurtni tark etish jihodi bekor qilindi. Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
اَلْمُسْلِمُ مِنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهاجِرُ مَنْ هَجَرَ ما نَهَى اللهُ عَنْهُ
Ulamolar hadisni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Shu turdagi hijrat bugun ham mavjudligi hadisdan ma’lum bo‘lyapti.
Bugungi kunda sodda musulmonlarni hijratga targ‘ib qilishga urinayotgan ayrim soxta da’vatchilaryoshlarni o‘z oilasi, vatanini tark etishga chaqirish uchun Qur’oni karim oyatlari va hadislarning ma’nolarini o‘z manfaatlariga moslab talqin qilmoqdalar. Ushbu “da’vatchilar” musulmon faqat yurtini tashlab chiqib ketsa, iymonli, “hijrat” qilmagan kishi esa kofir bo‘ladi, deyish darajasiga bordilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom va u zotdan keyin Islom davlatini boshqargan xulafoi roshidinlar o‘zga yurtlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon musulmon davlati hududiga ko‘chib kelishlariga da’vat qilmagan va ularning o‘z yurtlarida yashashlariga e’tiroz bildirmaganlar.
Bugungi kunda terorchilik tashkilotlarning da’vatchilari tinch davlatda yashayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilar tayyorlovchi markazlarga jo‘natish maqsadida dunyoviy davlat va jamiyatni dinsizlikda ayblab, go‘yo hijratga chiqish farz ekani, buning uchun hech kimdan, hatto, ota-onaning ruxsatini olish kerak emas, degan soxta tushunchalarni yoshlarga singdirishga harakat qilishlari xorijiylarning amalidir.
Aqidaparastlar hijrat masalasida ushbu oyatni dalil qiladilar:
﴿إِنَّ الَّذِينَ تَوَفَّاهُمُ الْمَلَائِكَةُ ظَالِمِي أَنْفُسِهِمْ قَالُوا فِيمَ كُنْتُمْ قَالُوا كُنَّا مُسْتَضْعَفِينَ فِي الْأَرْضِ
قَالُوا أَلَمْ تَكُنْ أَرْضُ اللَّهِ وَاسِعَةً فَتُهَاجِرُوا فِيهَا فَأُولَئِكَ مَأْوَاهُمْ جَهَنَّمُ وَسَاءَتْ مَصِيرًا﴾
«O‘ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlarga farishtalar: “Nima qilayotgan edinglar?” derlar. Ular: “Yer yuzida bechora edik”, derlar. “Allohning yeri keng edi-ku, hijrat qilsangiz bo‘lmasmidi?!” derlar. Ana o‘shalarning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon joy!» (Niso surasi, 97-oyat).
Vaholanki, ulamolar mazkur oyat avval islomni qabul qilib, Makkada yashab kelgan bo‘lsa-da, Badr jangida (624 y.) makkaliklar safida turib, musulmonlarga qarshi jangda ishtirok etganlar haqida nozil bo‘lganini ta’kidlaydilar.
Shuningdek, ulamolarning fikriga ko‘ra, yuqoridagi oyat zajr, ya’ni qo‘rqitish ma’nosidagi matn bo‘lib, bunday matnlardan xulosa qilish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Ya’ni asl hukm bo‘yicha musulmonlar gunohi kabira qilish sababli hech qachon do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.
Vatanni sotish, o‘z yurti va vatandoshlariga zarar yetkazish, ota-onani norozi qilib “oq” bo‘lish esa Islom ta’limotida og‘ir gunoh hisoblanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ قالَ: جَاءَ رَجُلٌ إلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ:
جِئْتُ أُبايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ وَتَرَكْتُ أَبَوَيَّ يَبْكِيانِ فَقالَ: اِرْجِعْ عَلَيْهِما فَأَضْحِكْهُما كَما أَبْكَيْتَهُما.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib: “Sizning oldingizga hijrat qilish uchun bay’at bergani keldim va ota-onam yig‘lab qoldilar”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularning oldiga qayt va ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday qilib kuldirgin”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, aqidaparastlarning go‘yo “hijrat” qilmaganlar mo‘min-musulmonlikdan chiqishi haqidagi da’volariga raddiya sifatida Shayx Muhamad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tomonidan Qur’onning Anfol surasi, 72-oyatiga berilgan tafsirini keltirish mumkin:
﴿إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَهَاجَرُوا وَجَاهَدُوا بِأَمْوَالِهِمْ وَأَنْفُسِهِمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وَالَّذِينَ آوَوْا وَنَصَرُوا أُولَئِكَ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَلَمْ يُهَاجِرُوا مَا لَكُمْ مِنْ وَلَايَتِهِمْ مِنْ شَيْءٍ حَتَّى يُهَاجِرُوا وَإِنِ اسْتَنْصَرُوكُمْ فِي الدِّينِ فَعَلَيْكُمُ النَّصْرُ إِلَّا عَلَى قَوْمٍ بَيْنَكُمْ وَبَيْنَهُمْ مِيثَاقٌ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ﴾
“Albatta, iymon keltirgan, hijrat qilgan, Allohning yo‘lida molu jonlari bilan jihod qilganlar va joy berib, yordam ko‘rsatganlar, ana o‘shalar bir-birlariga valiydirlar. Iymon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, siz hech valiy bo‘la olmassiz. Agar ular sizdan dinda yordam so‘rasalar, yordam bermog‘ingiz vojib. Faqat, siz bilan o‘rtalarida ahdnoma bor qavm ziddiga emas. Alloh nima qilayotganingizni ko‘rguvchi Zotdir” (Anfol surasi, 72-oyat).
Ushbu oyatda Alloh mo‘minlarning bir necha sinflarini zikr qilmoqda:
1. Hijrat qilganlar
2. Yordam berganlar
3. Iymon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlar.
Shunga qaramay, Alloh taolo bularning barchasini mo‘minlar deb atamoqda.
Masalaning muhim jihatlaridan biri shuki, go‘yo “hijrat” uchun Suriya kabi mamlakatlarga borayotgan kishilar yaxshi ishlar bilan shug‘ullanayotgani yo‘q. Aksincha, o‘sha yerda ularga qo‘shilmaganlarni “kofir” deb e’lon qilib, uylarini tortib olib, o‘zlarini o‘ldirib yubormoqdalar. Ayollar va bolalarga zulm qilyaptilar. Bunday fitnalar gunohi kabira ishlarga qo‘l urgandan ko‘ra o‘z yurtida tinchlikda, emin-erkinlikda farz amallarni, ibodatlarni bajarib, halol mehnat bilan oilasini boqib yurganlari afzal emasmi? Shu sababli Islomda fitna davrida unga aralashmay ibodatda bo‘lganlarga katta in’omlar va’da qilingan.
Hadisi sharifda bunday deyilgan:
قالَ النَّبِيُّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْعِبادَةَ فِي الْهَرَجِ كَهِجْرَةٍ إلَيَّ
“Haraj – fitna paytida qilingan ibodat, menga hijrat qilish kabi” (Imom Muslim rivoyati).
Yuqoridagi gaplardan quyidagilarni xulosa qilish mumkin:
– mo‘min-musulmonlar qaysi mamlakatda, hatto g‘ayridinlar ko‘pchilikni tashkil etadigan yurtlarda ham emin-erkin ibodatlarini ado etishga imkon topsalar, unday diyordan hijrat qilish farz yoki vojib bo‘lmaydi;
– musulmonlar tinchlik va xotirjamlikda, ibodatlarini to‘la-to‘kis bajarib turgan diyordan musulmonlar o‘zaro urushayotgan, odamlarning joni, moli va nomusi xatarda bo‘lgan hududlarga borishlari “hijrat” hisoblanmaydi, balki fitnaga aralashib qolish sanaladi hamda shar’an man etiladi;
– yurtimiz Islom dini kirib kelgan davrdan buyon “Islom diyori” bo‘lib kelmoqda hamda mamlakatimizda islom dini ahkomlarini mukammal ado etish uchun barcha sharoitlar mavjud;
– hozirgi kunda bizning mamlakatdan “hijrat” qilish farz ham emas, vojib ham emas. Yurtimizdan Suriya kabi qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan hududga yoki boshqa o‘lkalarga chiqib ketmagan musulmonlar gunohkor yoki kofir bo‘lmaydi;
– musulmonlarga qarshi fitnalar uyushtirilayotgan hududga borib begunoh odamlarning joni, mulki va nomusiga daxl qilganlar og‘ir gunoh sodir etgan hisoblanadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi