Sabr qiling, sizga yetsa ofat,
Kuting, ortidan tezda kelar baxt.
Bir tajriba qilib ko‘ring: Bomdod namozini o‘qiganingizdan so‘ng o‘n-o‘n besh daqiqa qiblaga qarab tavoze’ bilan o‘tiring, zikr va duoni ko‘paytiring. Allohdan go‘zal, muborak, baxtiyor kun so‘rang. Undan bugungi kuningizga muvaffaqiyat, yomonlik va mushkul ishlardan panoh so‘rang. Bu kuningizga keng rizq va uning yaxshiligini tilang. Chunki rizq, shodlik va yaxshilik Allohdangina so‘raladi. Alloh nasib qilsa mana shu kun siz uchun bugungi manfaatli, muborak va go‘zal kuningiz uchun kafil bo‘ladi.
Agar siz biror amalni bajarsangiz, tavoze’ bilan o‘tirib xushovoz va ta’sirli qorining qiroatini tinglasangiz qalbingizdagi xiralik, shak va gumonlar yuvilib ketadi. Shunda siz go‘zal va qalbingiz xotirjam bo‘lganini his qilasiz.
Shu’la: Qila olmaydigan ishlaringiz tufayli g‘am yemang. Buning o‘rniga qila oladigan ishlaringizni yanada go‘zal bajarishga harakat qiling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Ovqatlanish paytida, ayniqsa, bolalarga multfilm qo‘yib berib ovqat yedirish ovqat hazm qilish tizimi buzilishiga, semirishga va bola rivojlanishining sekinlashishiga olib keladi.
Ushbu odatning asosiy zararlari:
1. To‘yish va och qolish signallarining buzilishi: Miya butunlay multfilmga qaratilgani sababli, oshqozondan kelayotgan “to‘ydim” signalini qabul qilmaydi. Bu kelajakda semirish yoki aksincha, surunkali vazn yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.
2. Ovqatning ta’mini his qilmaslik: Bola nima yeyayotganini, uning ta’mi shirin yoki sho‘rligini, issiq yoki sovuqligini anglamaydi. Buning oqibatida unda sog‘lom ovqatlanish madaniyati shakllanmaydi.
3. Chaynash va yutish refleksining sustlashishi: Ekranga tikilib qolgan bola ovqatni yaxshi chaynamay yutadi yoki og‘zida uzoq vaqt ushlab turadi. Bu esa tishlarning chirishiga va oshqozon-ichak kasalliklariga (dam bo‘lish, qabziyat) yo‘l ochadi.
4. Nevrologik va diqqat muammolari: Tez almashadigan kadrlar bola asab tizimini toliqtiradi. Natijada bola real hayotda diqqatini bir joyga jamlay olmaydigan, tez achchiqlanadigan bo‘lib qoladi.
5. Ishtahasizlik va injiqlikning ortishi: Ota-onalar “telefon qo‘ysam ko‘p yeydi” deb o‘ylashadi, lekin aslida bola faqat ekran uzatilayotgandagina ovqatlanadigan majburiy odatni (refleksni) orttirib oladi. Telefon olib qo‘yilsa, umuman ovqat yemay injiqlik qiladi.
Ota-onalarga tavsiya
1. Ovqatlanish vaqtida telefon, planshet va televizorni o‘chiring.
2. Oila a’zolari bilan bir dasturxon atrofida ovqatlanishga harakat qiling.
3. Bolangiz bilan suhbatlashing, taom haqida gapiring va uni mustaqil ovqatlanishga rag‘batlantiring.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomlanish paytida butunlay sukut saqlamaganlar, balki sahobalari bilan go‘zal va foydali suhbatlar qurib, birgalikda ovqatlanganlar. Shu bois, Islom madaniyatida ovqat ustida yaxshi gaplardan gapirish sunnat amallardan hisoblanadi.
Davron NURMUHAMMAD
Ma’lumotlar linki:
1. https://mylittlescholars.com.au/disadvantages-of-watching-tv-while-eating
2. https://www.jewelautismcentre.com/blog-detail/does-watching-mobile-while-eating-affect-a-childs-brain-development
3. https://yourkidstable.com/turn-off-tv
4. https://yebonutrition.com/2025/12/29/are-screens-at-mealtime-always-bad-for-kids
5. https://famedico.com/is-it-good-to-use-mobile-phones-or-tv-while-eating
6. https://www.parentcircle.com/should-children-be-allowed-screen-time-watching-tv-while-eating/article
7. www.mayoclinichealthsystem.org/hometown-health/speaking-of-health/children-and-screen-time