Hurmatli otalar! Agar oilangizda birdamlik, o‘zaro hurmat-e’tibor, mehr-muhabbat bo‘lishini istasangiz, o‘z qarashlaringizni ayolingiz va farzandlaringizga majburlab singdirishga urinmang. Xato qilsangiz ularning oldida tan ola biling.
“Bu uyda mening aytganim bo‘ladi”, deya qaysarlik qilib turib olmang! Ahlingizni biror foydali ishga chorlar, buyurar ekansiz, ularga halimlik va sabr bilan muomala qiling. Unutmang, hamma birday fikrlab, tushunib, idrok etib ketavermaydi. “Nega men tushungan narsani bular anglamaydi?” deya xunob bo‘lmang. Yotig‘i bilan anglating. Usul va yo‘l qidirishdan to‘xtamang.
Uyingizdan tashqarida duch kelgan g‘am-tashvishlaringiz oilangizga sizib kirib, ichki muammolaringiz bilan qo‘shilib-kattalashishiga yo‘l qo‘ymang! O‘z hayotingizni do‘stingiz yo yaqiningizning hayotiga taqqoslab, uni o‘zingizdan ko‘ra baxtliroq deb o‘ylamang. Hamma narsa ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.
Aksincha, hayotingizni siz hali duch kelmagan qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan o‘tkazayotgan kishilarning hayoti bilan qiyoslang! Shunda siz muammo deb o‘ylagan ba’zi narsalar aslida unday emasligini ko‘ra boshlaysiz. Siz ham bir xatokor bandasiz. O‘zingizga shu nazar bilan qarang. Hammasi iziga tusha boshlaydi. Farzandlaringiz haqiga ko‘p-ko‘p duo qiling...
Hasson Shamsiy Poshoning "Oqshom go‘zalliklari" kitobidan
Abdussami’ Xayrulloh, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati