Bas, qachon banda: “Alhamdu lillahi Rabbil alamiyn”, desa,
Alloh taolo bandam Menga hamd aytdi, deydi.
Va qachon: “Ar-Rohmanir Rohiym”, desa, Alloh taolo bandam Menga sano aytdi, deydi.
Va qachon: “Maliki yavmiddin”, desa, bandam Meni ulug‘ladi, deydi.
Bas, qachon, “Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn”, desa, bu Men bilan bandam o‘rtasida, bandamga so‘ragan narsasi bo‘lur, deydi.
Bas, qachon: “Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim va lazzolliyn”, desa, bu bandam uchundir va bandamga so‘ragan narsasi bo‘lur, deydi”.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning
“Rabboniy nidolar” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV