Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fazilatli imom, muhaddis, shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh ziyoratlariga kelgan talabalarga aytadilar: “Men sizning ba’zi umumiy yoki muayyan masalalarga oid savollaringizga javob berishga vaqt ajratishim mumkin va siz ulardan foyda ko‘rasiz. Lekin buning o‘rniga men sizga ilm yo‘lida 60 yildan uzoqroq muddatda to‘plagan ayrim nasihatlarimni yetkazishni afzal ko‘raman.
“Unutmangki, ixlos – mo‘jizalar yaratadi. Buyuk olim Mavlono Qosim Nanutviy rahimahulloh na shoh, na qudratli hukmdor bo‘lgan, balki qishloqdan kelgan oddiy odam edi. Devbandda madrasaga asos soldi va natijada butun dunyo bo‘ylab son-sanoqsiz olimlarning yetishib chiqishiga xizmat qildi.
Pokistonlik Shayx Muhammad Amin Xarvaliy aytadi: “Pokistonning birgina Karachi shahrida 30 mingta islomiy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning ildizi Dorul Ulum Devbandga borib taqaladi. Xuddi shunday, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Afrika, Angliya, Amerika va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi minglab institutlarning barchasining onasi Dorul Ulum Devband sanaladi. Bu uning asoschisining ixlosi va musulmonlar manfaati uchun xizmat qilishga bo‘lgan xolis niyatining mevasidir.
Bomdod namozidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi duolarini o‘qishni unutmang:
اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ عِلْمًا نَافِعًا وَرِزْقًا طَيِّبًا وَعَمَلاً مُتَقَبَّلاً
O‘qilishi: Allohumma inniy asaluka ’ilman naafi’an va rizqon toyyiban va ’amalan mutaqobbalan.
Ma’nosi: Yo Allohim, Sendan foydali ilm, pokiza rizq, qabul bo‘ladigan amal so‘rayman!
Shom namozidan keyin esa, Qur’onda kelgan ushbu duoni o‘qing:
﴿رَبَّنَا لاَ تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِن لَّدُنكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنتَ الْوَهَّاب﴾
O‘qilishi: Robbanaa laa tuzig‘ qulubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa milladunka rohmatan innaka antal vahhaab.
Ma’nosi: Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so‘ng qalblarimizni og‘dirmagin va bizga O‘z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta Sening O‘zing ko‘plab ato qiluvchisan.
Alloh taolo Shayx Muhammad Avvoma va u kishining oilasini ikki dunyo yaxshiliklari bilan mukofotlasin, ularga baraka ato etsin, hamisha O‘z panohida saqlasin va ilmlaridan to‘liq foydalanishimizni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati