Ko‘hna va boqiy Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi 57-xatmona marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov ochib berib, yig‘ilganlarni qutladi va bitiruvchi talabalarning o‘qish davrida qo‘lga kiritgan yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov, taniqli ulamo Abdulg‘ofur Razzoq Buxoriy hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Azizbek Qalandarov so‘zga chiqib, bitiruvchilarni qutlug‘ qadam bilan muborakbod etdilar va ularning kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Tantanali tadbir davomida ustozlar va ota-onalarga cheksiz minnatdorlik izhor etgan bitiruvchilar orasidan Qur’oni karimni to‘liq yod olgan qorilar, xususan, Kalomullohni bir o‘tirishda yoddan tilovat qilib topshirgan iqtidorli talabalar alohida taqdirlandilar.
Muqaddas kitobni qalbiga jo qilgan bu yoshlarga ta’lim muassasasining tashakkurnomalari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati