Imom Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to'g'ri kelib, Islom olamida e'tiqod masalalarida bir-biriga qarama-qarshi bo'lgan xilma-xil g'oyalar keng tarqalgan. Qadariylar, shialar, jahmiylar, mu'taziliylar, rofiziylar kabi o'nlab oqimlar orasidagi tortishuvlar ba'zan qonli mojarolar bilan yakunlangan. Ana shunday murakkab davrda Samarqandda Imom Moturidiy va u zot kabi ulug' ulamolar o'zlarining ilmu ma'rifatlari, chuqur va teran tafakkurlari bilan jaholatni engishga harakat qildilar. Shu tariqa sof islomiy aqidani saqlab qolish uchun o'zlarining bor salohiyatlari va kuch-quvvatlarini ayamadilar. Shuni alohida ta'kidlash joizki, ular Qur'oni karim va sunnat ta'limotlari asosida hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam sahobalari uslubida aqida masalalarini yorita boshladilar. Musulmonlarni tarqoqlikka olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi kurashda Abu Mansur Moturidiy birinchilar safida bo'ldi.
Imom Moturidiy sof aqidani isbotlashda mo'taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki, birinchi navbatda, naqldan foydalanishni zarur deb biladi. Ushbu olimning aqida borasida qo'shgan yana bir hissasi shuki, juda ko'plab firqalar e'tiqod borasida o'z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo'llarga boshlagan bir paytda, o'lkada yagona sunniy aqida tizimini o'rnatadilar. U zot turli adashgan firqalarning Qur'oni karim va sunnati nabaviyyaga zid bo'lgan barcha botil aqidalarini dalillar asosida isbotlab beradilar. Natijada turli xildagi mayda oqimlar ko'payishining oldi olindi. Imom Moturidiy o'z uslubi va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo'shdi. Shuningdek, hanafiya mazhabining O'rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog'liq ekanini o'z qarashlari orqali ko'rsatib berdilar.
Buyuk imomning “Ta'vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta'vilot al-Qur'on” deb nomlangan asarlarida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid bo'lgan oqimlarga raddiya bildirishda Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish ko'radi.
Hozirgi kunga kelib soxta salafiylar tomonidan moturidiya aqidaviy yo'nalishini ahli sunna val jamoaning muqobiliga qo'yadilar va keskin tanqid ostiga oladilar. Vaholanki, Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash'ariy ahli sunnatning aqoid bobi imomi ekanliklari haqida ko'p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:
المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي
ya'ni: “(“Ahli sunna” so'zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:
«إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية»
ya'ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa, Ash'ariylar va Moturidiylar tushuniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam turli firqalar ko'paygan paytda musulmonlarning katta jamoasini lozim tutishni ta'kidlab, shunday deydilar:
«فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ»
ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, katta qora (jamoa)ni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, bugungi kungacha va hozirda ham katta jamoat – Imom Moturidiy va Imom Ash'ariylarning aqidada tutgan yo'llari hamda fiqhda to'rt mo''tabar mazhab (Hanafiy, Molikiy, Shofeiy va Hanbaliy)larga muvofiq keladi. Mana shular ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunna val jamoa ichida bulardan boshqa e'tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas.
Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh asos solgan diniy ta'limot – moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g'oyalar Islom dinining mohiyatini to'g'rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo'min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohangdir.
Tugalboyev Jamshid
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati