Savol: Bolani ikki yil emizmasdan sutdan chiqarib yuborsa bolani haqqi ota-onada qolib ketmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda ona bolasini ikki yil to‘liq emizsin degan talab yo‘q. Agar sutdan chiqarish bolaga zarar qilmasa, ikki yil bo‘lmasdan turib ham chiqarish joiz. Ikki yilga yetmasdan chiqarsa, bolaning haqqi ota-onada qolib ketdi deyilmaydi. Alloh taolo Baqara surasida bunday marhamat qiladi:
“Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizadilar...”.
Mazkur oyati karima tafsirida mufassir ulamolar: “Emizish muddatini ikki yil deb belgilanishi vojib ma’nosida emas. Bunga “Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa” so‘zi dalolat qiladi. Alloh taolo emizish muddatini oxiriga yetkazishni bandaning xohishiga bog‘lab qo‘yganidan muddatni oxiriga yetkazish vojib emasligi anglashiladi”, deyishgan.
Qolaversa, mazkur oyatning davomida “Agar o‘zaro rozi bo‘lib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh bo‘lmaydi”, deyilgan. Ya’ni ikki yildan oldin er va xotin o‘zaro kelishgan holda, bolaning holatidan kelib chiqib sutdan chiqarishlarida gunoh bo‘lmaydi.
Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh bolani ikki yildan avval sutdan chiqarishda er va xotinning o‘zaro roziligi lozim, ikki yildan keyin esa er yo xotindan birining roziligi bilan chiqarish mumkin, deganlar.
Ammo bolaga emish zarur bo‘la turib, sutdan chiqarib yuborish mumkin emas. Chunki bu unga ochiq-oydin zarar berish bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan