Bugun, 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida birinchi marta magistrantlarning dissertatsiya himoyasi start oldi!
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Ushbu muhim voqeada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, institut o‘qituvchi va talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Institut rektori Uyg‘un G‘ofurov va boshqalar bu tarixiy qadam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy natijasi ekanini, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining samarasi ekanini alohida ta’kidlashdi.
Hozirda Toshkent islom institutida «Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti» hamda «Hadis ilmlari» mutaxassisliklari bo‘yicha jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.
Ilk 10 nafar magistrant o‘qish davomida 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirgani, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlagani e’tirof etildi.
Bu himoyalar yurtimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, kelajakda boy ilmiy-pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga va ajdodlarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati