Toshkent islom institutida diniy ta’limning samarali usullaridan biri bo‘lgan «xatmul kutub» (kitoblarni to‘liq o‘qib tugatish) an’anasi izchil davom etmoqda.
Ana shunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlardan biri – alloma Nuriddin Abdurahmon Jomiyning «Asrlarni zabt etgan asar» («Sharhi Mullo») kitobi xatmiga bag‘ishlandi.
Institut tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan ulamolar, soha mutaxassislari ustoz va talabalarning ilm yo‘lidagi g‘ayrati hamda sabr-matonatini yuqori baholadilar.
Arab tili grammatikasiga oid ushbu mashhur asar «Tillar» kafedrasi mudiri Ulug‘bek domla Hasanov, o‘qituvchilar Yoqubjon domla Buxorbayev va Abdulbosit domla Nurillayev rahbarligida 2-kurs talabalari ikki yil davomida dars va to‘garaklarda o‘qib, to‘liq xatm qilishdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shundan so‘ng ustoz va shogirdlar ishtirokida kitobning yakuniy qismi o‘qib tugatildi.
Marosim so‘ngida kitobni muvaffaqiyatli xatm qilgan 55 nafar talabaga «Sharhi Mullo» kitobi bo‘yicha ijozat shahodatnomalari, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati