Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Otamdan qolgan saboqlar: Onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q

22.06.2026   17469   2 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida o‘smir edim. O‘smirlik shunday davrki, inson o‘zini katta bo‘lib qolgan, hech kim unga teng kelolmaydigandek his qiladi.

Bir kuni onam bilan oramizda kelishmovchilik chiqdi. Aniq nima sabab bo‘lganini eslolmayman, lekin bir narsani yaxshi eslayman: men onamga ovozimni balandlatgan edim.

Otam ishdan uyga qaytgach, onam unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. U meni darhol chaqirdi:

– Gaplashaylik, – dedi.

Biz mehmonxonada yolg‘iz qoldik. Otam, Alloh rahmat qilsin, ko‘p gapiradigan inson emas edi. Ammo u gapirsa, so‘zlari oltindek qadrli bo‘lardi.

U avval mening gaplarimni, vaziyatga mening ko‘zim bilan qarab tingladi. So‘ng biroz sukut saqlab:

– O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. Onangga ovozingni ko‘tarishingdan boshqa hamma narsani tushunish mumkin. Ammo bunga yo‘l qo‘ymayman. Agar o‘zingni tarbiyalay olmasang, seni tartib-intizom o‘rgatiladigan joyga yuboraman. U yerda senga odob va hurmatni o‘rgatishadi. Tushundingmi? – dedi.

Shu bilan suhbat tugadi.

Shundan so‘ng onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q.

Otam urishmadi, menga baqirmadi ham. Ammo bir necha soniyalik qat’iy so‘zi bilan hayotim davomida o‘tib bo‘lmaydigan chegarani belgilab qo‘ydi.

Bugun, oradan yillar o‘tib, o‘sha lahzani eslar ekanman, o‘smirlik davrida otaning qanday katta qalqon ekanini tushunaman.


Ona – oiladagi mehr va hurmatni saqlovchi zot. U jonini xavfga qo‘yib farzandni dunyoga keltiradi, tunlarini bedor o‘tkazadi, charchoqlarini yashiradi...

Ammo ayrim farzandlar ulg‘aygach bu qiyinchiliklarning barchasini unutib, onasiga beparvo munosabatda bo‘ladi. Ana shunday paytda otaning haqiqiy vazifasi namoyon bo‘ladi.

Haqiqiy ota qo‘pol bo‘lishi bilan emas, balki kerakli paytda qat’iyatligi bilan oilasini himoya qiladi.

Ota – oilaning umurtqa pog‘onasidir. Agar u zaiflashsa, butun oila zarar ko‘radi.


Bugun anglayapmanki, otamning o‘sha kuni aytgan so‘zlari tahdid emas, balki onamni himoya qilish edi. Bu – meni kelajakda hurmatli inson bo‘lib ulg‘ayishim uchun qilingan himoya edi.

Otam haqida qancha she’r yozmaylik, qancha so‘z aytmaylik, uning qadrini to‘liq ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun otangiz borida uning qadriga yeting. Uning ketishini kutmang. Chunki ayriliqdan keyingi ko‘z yoshlar tiriklikdagi mehrning o‘rnini bosa olmaydi.

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

14.08.2026   12677   1 min.
ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

Prezidentimiz 2021 yilda "Bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan yangi O‘zbekiston emas" degan edi. Bu iqror islohotni tayyor g‘alaba sifatida ko‘rsatishdan ko‘ra mas’uliyatliroq. Chunki mavjud kamchilikni tan olmagan davlat uni tuzatish uchun ham chora izlamaydi.
Bu gal biz nazarda tutayotgan "yo‘l" so‘zi shunchaki metafora emas. Gap mamlakatning qishloq yo‘llaridan tortib, xalqaro avtomagistraligacha, temir yo‘llaridan metrogacha, havo qo‘nalg‘asidan tranzit yo‘lagigacha bo‘lgan harakat tizimi haqida boradi. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan eng muhim yangilik – yo‘lni alohida qurilish obyekti emas, inson, iqtisodiyot va davlatni harakatga keltiradigan yaxlit tizim sifatida ko‘ra boshlagani haqida.


Gazetani yuklab olish

Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
"Ziyo" media markazi direktori
 

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2026 yil 14 avgust, 164-son

MAQOLA