O‘tgan asrning saksoninchi yillarida o‘smir edim. O‘smirlik shunday davrki, inson o‘zini katta bo‘lib qolgan, hech kim unga teng kelolmaydigandek his qiladi.
Bir kuni onam bilan oramizda kelishmovchilik chiqdi. Aniq nima sabab bo‘lganini eslolmayman, lekin bir narsani yaxshi eslayman: men onamga ovozimni balandlatgan edim.
Otam ishdan uyga qaytgach, onam unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. U meni darhol chaqirdi:
– Gaplashaylik, – dedi.
Biz mehmonxonada yolg‘iz qoldik. Otam, Alloh rahmat qilsin, ko‘p gapiradigan inson emas edi. Ammo u gapirsa, so‘zlari oltindek qadrli bo‘lardi.
U avval mening gaplarimni, vaziyatga mening ko‘zim bilan qarab tingladi. So‘ng biroz sukut saqlab:
– O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. Onangga ovozingni ko‘tarishingdan boshqa hamma narsani tushunish mumkin. Ammo bunga yo‘l qo‘ymayman. Agar o‘zingni tarbiyalay olmasang, seni tartib-intizom o‘rgatiladigan joyga yuboraman. U yerda senga odob va hurmatni o‘rgatishadi. Tushundingmi? – dedi.
Shu bilan suhbat tugadi.
Shundan so‘ng onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q.
Otam urishmadi, menga baqirmadi ham. Ammo bir necha soniyalik qat’iy so‘zi bilan hayotim davomida o‘tib bo‘lmaydigan chegarani belgilab qo‘ydi.
Bugun, oradan yillar o‘tib, o‘sha lahzani eslar ekanman, o‘smirlik davrida otaning qanday katta qalqon ekanini tushunaman.
Ona – oiladagi mehr va hurmatni saqlovchi zot. U jonini xavfga qo‘yib farzandni dunyoga keltiradi, tunlarini bedor o‘tkazadi, charchoqlarini yashiradi...
Ammo ayrim farzandlar ulg‘aygach bu qiyinchiliklarning barchasini unutib, onasiga beparvo munosabatda bo‘ladi. Ana shunday paytda otaning haqiqiy vazifasi namoyon bo‘ladi.
Haqiqiy ota qo‘pol bo‘lishi bilan emas, balki kerakli paytda qat’iyatligi bilan oilasini himoya qiladi.
Ota – oilaning umurtqa pog‘onasidir. Agar u zaiflashsa, butun oila zarar ko‘radi.
Bugun anglayapmanki, otamning o‘sha kuni aytgan so‘zlari tahdid emas, balki onamni himoya qilish edi. Bu – meni kelajakda hurmatli inson bo‘lib ulg‘ayishim uchun qilingan himoya edi.
Otam haqida qancha she’r yozmaylik, qancha so‘z aytmaylik, uning qadrini to‘liq ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun otangiz borida uning qadriga yeting. Uning ketishini kutmang. Chunki ayriliqdan keyingi ko‘z yoshlar tiriklikdagi mehrning o‘rnini bosa olmaydi.
Davron NURMUHAMMAD
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati