Savol: Namoz o‘qiyotgan odam sajdada ikkinchi sajdani qildimmi yoki qilmadimmi deb shubhalanib qolsa, qanday yo‘l tutadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namoz o‘qiyotgan odam ikkinchi sajdani qildimmi, yo‘qmi degan shakka borsa, qilgan qilmaganini aniqlashga harakat qiladi. Agar gumoni bir tomonga ko‘proq bo‘lsa, shunga asosan yo‘l tutadi. Agar aniq bir to‘xtamga kela olmay, ikkilanib qolsa, bajarmagan deb hisoblanadi va namozning qayeriga kelgan bo‘lsa, o‘sha yerda bitta sajdani qilib qo‘yadi va namoz oxirida sajdai sahv qiladi. Bu namoz ichida shak qilishga tegishli. Agar namozdan keyin shunday shakka tushib, qilgan-qilmaganini aniq bilmasa, unga ahamiyat bermaydi va namozini qayta o‘qimaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati