Aksariyat davralarda bo'lib qolsak, shu davrada bo'lmagan kimningdir hayotiga doir mavzuda gap ochiladi.
Alloh taolo bunday gunoh ishlardan ogoh etib shunday deydiki:
12. Ey iymon keltirganlar! Ko'p gmonlardan chetda bo'linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o'zining o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'radimi? Ha, yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko'p qabul qiluvchi va rahmlidir. (Ma'lumki, kimning o'yiga badgumonlik o'rnashsa, u odam o'sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o'ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa, josuslik, deydilar. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik etkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o'ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo'lmog'i zarur.).
لَا خَيْرَ فِي كَثِيرٍ مِنْ نَجْوَاهُمْ إِلَّا مَنْ أَمَرَ بِصَدَقَةٍ أَوْ مَعْرُوفٍ أَوْ إِصْلَاحٍ بَيْنَ النَّاسِ وَمَنْ يَفْعَلْ ذَٰلِكَ ابْتِغَاءَ مَرْضَاتِ اللَّهِ فَسَوْفَ نُؤْتِيهِ أَجْرًا عَظِيمًا
114. Ularning ko'pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo'q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim o'sha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulug' ajr beramiz..
Birovning kiygan kiyimi bormi, mingan avtomashinasimi yoki qilgan dang'illama to'yimi qizg'in muhokama qilinadi. Bilib-bilmay kimlardandir eshitgan gaplarimiz asosida o'zganing hayotini muhokama qilamiz. Yana o'zimizga taskin berish maqsadida “G'iybati emas, sifati”, deb gapirgan gaplarimizni oqlamoqchi bo'lamiz.
Ikki kishining boshi biriksa, albatta, gap mavzusi “eshitdingizmi?” degan so'zlar bilan o'zgalar hayoti to'g'risida gap ketadi. Go'yoki, suhbatlashishga boshqa mavzu yo'qdek. Aslida biz gapirgan gaplarimiz g'iybat ekanini bilamiz, lekin buni tan olgimiz kelmaydi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam g'iybatga shunday ta'rif berganlar: “Birodaring eshitsa, xafa bo'ladigan xislatlarni aytishing g'iybatdir”. Sahobalar: “Agar biz aytgan xislat unda bo'lsa-chi?” deb so'rashganda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga: “Bor xislatlarni aytsang, g'iybat, yo'q xislatlarni aytsang, bo'htondir”, deganlar.
Kishining jismidagi nuqson bilan ayblash yoki nasl nasabini, harakatini, so'zlarini, din-u diyonati, dunyosi, kiyimlari, yashash joyi, ulovini kamsitish g'iybat bo'ladi.
Qo'l harakati, ko'z qisish, ishora qilish kabi hollar bilan ham kishini mazah qilish mumkin emas. Qur'oni karimning “Humaza” surasi 1-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Har bir obro' to'kuvchi va ayblovchiga “vayl” bo'lsin”.
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Ey tili bilan iymon keltirib, dilida iymon keltirmaganlar, musulmonlarni g'iybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kimki, ularning kamchiliklarini qidirsa, Alloh taolo o'zining kamchiligini qidiradi. Alloh kimning kamchiligini qidirsa, uni uyida sharmanda qiladi”, dedilar.
Hazrati Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi vassalam aytdilar: “Me'roj kechasi ba'zi insonlarning oldidan o'tdim, ular temir tirnoqlari bilan yuzlarini va ko'kraklarini yulib turganlarini ko'rdim. Jabroil alayhissallomdan ularning kimligini so'raganimda, Jabroil: “Bular odamlarning go'shtini eydigan, ularning iffat-nomuslarini to'kadigan odamlardir (ya'ni g'iybatchilardir)”, dedi”.
G'iybat qilgan yo g'iybatga quloq solgan kishi gunohdan forig' bo'lishi uchun Alloh taologa chin dildan tavba-istig'for aytib pushaymon bo'lishi, qayta g'iybat qilmaslikka ahd qilishi zarur. G'iybat qilgan odamidan esa kechirim so'rab, uning roziligini olishi, agar u olamdan o'tgan bo'lsa, kambag'al, etim-esirlarga xayr-ehson ulashib, savobini uning ruhoniyatiga hadya qilishi kerak.
TII Modul' ta'lim tizimi,
To'raqo'rg'on tuman “Ishoqxon to'ra”
jome masjidi imom xatibi
Sufiyev Ja'farxon
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati