Sayyor yig‘ilish
2026 yil 23 iyun kuni Ohangaon tumanidagi «Qoraxitoy» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakili, bosh imom Doniyor domla Ikromov, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, shuningdek, Ohangaron tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblar, otinoyilar, “Haj 2026” ziyoratchilari va mahallalar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Ohangaron tumanidagi 12 ta masjid hamda 22 ta mahallaga biriktirildi.
Tadbir doirasida har bir mahallaning kamida 5 tagacha muammoli xonadoniga kirilib, u yerda yashayotgan kishilardan hol-ahvol so‘raldi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 25 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ishchi guruhi a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilgach, qavmga “Tinchlik-xotirjamlik – ulug‘ ne’mat”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila – muqaddas”, “Yangi O‘zbekistonda inson qadri”, “Shukronalik – buyuk fazilat”, “Farzand tarbiyasi”, “Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir”, “Qo‘ni-qo‘shnichilik huquqlari”, “Islohotlar – xalq manfaati uchun”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzudagi ma’ruza qilishdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati