Alloh taolo g‘ayb narsalarni bilishiga yana bir aqliy dalil keltirgan. Kelajakda bo‘ladigan ishlar haqida bilishini hammaga oshkor qilgan. Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿الم غُلِبَتِ الرُّومُ فِي أَدْنَى الْأَرْضِ وَهُمْ مِنْ بَعْدِ غَلَبِهِمْ سَيَغْلِبُونَ فِي بِضْعِ سِنِينَ لِلَّهِ الْأَمْرُ مِنْ قَبْلُ وَمِنْ بَعْدُ وَيَوْمَئِذٍ يَفْرَحُ الْمُؤْمِنُونَ﴾
“Alif. Laam. Miym. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yerning eng quyi qismida. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli yillarda. Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Allohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar” (Rum surasi, 1-4 – oyatlar).
Ushbu tarixiy faktlarni hatto dinsizlar ham inkor eta olmaydilar. O‘sha paytda yer yuzidagi eng qudratli ikki davlat – Fors va Rum o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgan. Urush esa Rumning mag‘lubiyati bilan tugagan. Bundan Makka mushriklari xursand bo‘lishgan. Chunki forslar olovga sig‘inuvchi xalq bo‘lgan.
Rumliklar esa nasroniy, ya’ni ahli kitob edilar. Bu mag‘lubiyatdan musulmonlar mahzun bo‘lganlar. Ayni o‘sh paytda ushbu oyati karima nozil bo‘lib, Rumning bir necha yil (o‘n yil o‘tmasdan) g‘olib bo‘lishlari haqidagi ilohiy xushxabar kelgan.
Musulmonlar va mushriklar garov bog‘lashgan. Garov muddatini esa yetti yil qilib belgilashgan. Yetti yil o‘tgach kutilgan hodisa yuz bermagan. Musulmonlar mahzun bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarga kelishganda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Sanoqli yil deganda necha yilni tushunasizlar?” deb so‘raganlar. Ular: “Uzog‘i o‘n yilni” deb javob berganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuga: “Garov muddatini yana ikki yilga uzaytiringlar”, deb topshiriq berganlar. Ikki yil o‘tmasdan Rum davlati forslar ustidan g‘alaba qozongan. Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni garov bog‘lashdan qaytarganlar.
Endi o‘ylab ko‘raylik. Bunday xabarni insoniyatga kim bildirishi mumkin? Axir rumliklar birinchi jangda mag‘lub bo‘lgan edilar. Hech kim Rumning endi g‘alaba qilishi u yoqda tursin, o‘zini o‘nglab olishini ham xayoliga keltirmagan. Shuncha yildan keyin yuz beradigan urushning natijasini kim bunchalik aniq aytib bera oladi. Hatto urush boshlangan taqdirda ham hech kim bu urush nima bilan tugashini aniq ishonch bilan ayta olmaydi. G‘alaba qilishga har ikki tomonda ham ishonchi komil bo‘lgani uchun urushishga qaror qilinadi. Ko‘zi yetmagan urushga hech qaysi davlat tavakkal qilib kirishmaydi. Mag‘lubiyatini oldindan bilgan taraf urushga kirmaydi. Demak, natijani aniq qilib aytish hech kimning qo‘lidan kelmaydi.
Bu misolda ham Alloh taolo barcha narsani bilishini bizga ko‘rsatmoqda. Bizga ikkita katta davlat o‘rtasidagi urushning natijasini aytmoqda. Kim g‘olib, kim mag‘lub bo‘lishini aniq qilib aytmoqda. Bu urush rostan ham sodir bo‘ldi va Alloh aytganidek o‘n yillar ichida Rum davlati forslarning ustidan g‘alabaga erishdi.
Agar aksi bo‘lib bu oyat Qur’oni karimda bir oyatligicha qolaverganida nima bo‘lar edi? Allohga iymon keltirmaydiganlar musulmonlarning ustidan kulgan bo‘lardilar. Lekin rostligi isbotlanganda og‘izlariga mum tishlaydilar. Alloh taolo O‘zining butun dunyoga haqiqiy hukmron ekanini isbotlab qo‘ydi. Har bir narsani oldindan aniq bilishini ko‘rsatdi. Barcha narsa Uning izmida ekanini ayon qildi. Shu yerga kelganda Allohning quyidagi oyatini yanada teranroq anglaymiz:
﴿إِنَّمَا أَمْرُهُ إِذَا أَرَادَ شَيْئًا أَنْ يَقُولَ لَهُ كُنْ فَيَكُونُ﴾
“Bir narsani iroda qilganida Uning ishi “Bo‘l” demoqlikdir. Bas u bo‘ladi” (Yosin surasi, 82-oyat).
Bu gaplarni butun borliqning yagona yaratuvchisi bo‘lgan Alloh aytmoqda. Aqlimiz bu narsaga qanoat qilar ekan, yuqorida aytib o‘tganimiz yana bir oyatni eslab olamiz: “Allohning amri kelib bo‘ldi. Unga shoshilmanglar”.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha soha xodimlarining nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.
Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar bugun Qashqadaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassisi – Mamasoliyev Samandar qori aka olib bormoqda.
Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Bu kabi amaliy saboqlar imom-xatib hamda imom noiblarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati