Bugun, 24 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni nashriyot bosh direktori Sultonbek Imomnazarov olib bordi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, muftiy o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov, Obidjon Qodirov va boshqa mas’ullar qatnashdi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqan Homidjon domla Ishmatbekov Muftiy hazratning tabrigini yetkazib, nashriyot xodimlarining ma’rifat tarqatishdek mashaqqatli va sharafli ishlarini e’tirof etdi.
Taqdirlash marosimida to‘rt nafar xodimga umra yo‘llanmasi taqdim etildi. Shuningdek, jonkuyar va fidoyi xodimlar “Tashakkurnoma” va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kuvayt universiteti Til markazi direktori, doktor Holid Al-Fadli mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Mustaqillikning 35 yillik bayrami munosabati bilan yaqin do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqini chin dildan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonlik barcha birodarlarimizga yuksak taraqqiyot, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Biz O‘zbekiston bilan azaldan mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va samimiy mehr-oqibat rishtalariga egamiz. Ushbu muborak zamindan ko‘plab buyuk va mashhur islom ulamolari yetishib chiqqan. Bu bebaho ilmiy va ma’naviy meros nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan boylik hisoblanadi.
Kuvayt universiteti va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganidan mamnunmiz. Ko‘p yillardan buyon o‘zbekistonlik talabalar yurtimizda, xususan, Kuvayt universitetida arab tili va madaniyatimiz bo‘yicha o‘z bilimini oshirib kelmoqda. Ular bir o‘quv yili davomida, ya’ni uch semestr mobaynida arab tilini puxta o‘rganish bilan birga, Kuvayt madaniyati, tarixi va jamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘zbek talabalari bilan muloqotlar davomida ularning ta’lim va ilmga juda katta qiziqish hamda ishtiyoq bilan yondashishiga alohida e’tibor qaratdim. Ular nafaqat arab tilini o‘rganish, balki boshqa xalqning madaniyati, san’ati, iqtisodiyoti va rivojlanish tendensiyalarini chuqur anglashga intilayotgani quvonarli.
Arablar va o‘zbek xalqi o‘rtasida asrlar davomida shakllangan chuqur tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalar mavjud. Men ushbu do‘stona va qardoshlik rishtalari kelgusida yanada mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyishini istayman. Bu borada xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan bildirilayotgan tashabbus va takliflarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishga yanada katta e’tibor qaratish zarur. Biz ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Yana bir bor, qardosh O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yillik qutlug‘ bayrami bilan qutlayman. Alloh taolo qardosh O‘zbekiston diyoriga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, taraqqiyot va ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati