O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2025-2026 o‘quv yilining 49-bitiruvchilarini kuzatishga bag‘ishlangan “XATMONA – 2026” bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan ushbu tantanali marosimda soha rahbarlari, ulamolar, davlat tashkilotlari mas’ullari hamda muhtaram mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan qutlab, ularning kelgusi ilmiy va amaliy faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Xomidjon domla Ishmatbekov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusovlar so‘zga chiqib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga to‘xtaldi hamda ilm ahli zimmasidagi yuksak va sharafli mas’uliyatni ta’kidlab, duoi xayrlar qildilar.
Quvonchli va unutilmas voqealarga boy bo‘lgan tadbir doirasida yil davomida ilmiy-pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy sohalarda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh ustozlar hamda iqtidorli talabalar munosib taqdirlandilar. Jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi nomidan Abduqodir Pardayev “Ijtimoiy tarmoqlarda Raddiya yo‘nalishida eng ko‘p chiqish qilgan professor-o‘qituvchi”, Asliddin Mirzamiddinov “Eng faol targ‘ibotchi” hamda talaba Fazliddin Shamiyev “Fidoyi va jonkuyar talaba” nominatsiyalari bilan mukofotlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan fan oyligini yuqori saviyada tashkil etganlari uchun kafedra mudirlari Yusufxon domla Abdurahimov va Ulug‘bek domla Hasanov, mo‘tabar kitoblar xatmidagi faolligi uchun Rahmatulloh domla Maxsumxonov va Soatmurod domla Primov, namunali to‘garak faoliyati uchun Farhod domla Jo‘rayev hamda xalqaro Qur’on musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan talaba Sirojiddin Jalilovlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida institutda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qib, namunali xulqi va fidoyiligi bilan ajralib turgan bitiruvchilar Muhammadjon Odilov, Abdumajid Sobirov va Boymurod Muhammadiyevlarga institut rektori tomonidan imtiyozli diplom va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
***
Shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Toshkent islom institutida xotin-qizlar bo‘limi bitiruvchilariga bag‘ishlangan “Xatmona – 2026” tantanasi bo‘lib o‘tdi. Qur’on tilovati bilan boshlangan tadbirda institut rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Diniy idora mas’ullari hamda poytaxt otinoyilari ishtirok etib, yosh olimalarni qutladi va kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida zafarlar tiladilar. Ahamiyatlisi, bu yil institut tarixida ilk bor magistratura bosqichini tamomlagan ikki nafar ayol talaba ham diplomga ega bo‘ldi.
Marosim doirasida ta’limda yuqori natija ko‘rsatgan qizlarga imtiyozli diplomlar, to‘rt yillik sarhisob videoroliklari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, Qur’oni karimni bir o‘tirishda yoddan o‘qib bergan 4 nafar murattab qoriyaga ramziy toj kiydirildi hamda ikki yil davomida “Sahihi Buxoriy” kitobini to‘liq xatm qilgan bitiruvchilarga ustozlari tomonidan maxsus ijozalar topshirildi. Tadbir yakunida dinu el xizmati yo‘lida duoi xayrlar qilindi.
Barcha bitiruvchilarni ushbu muborak ayyom bilan qutlab, dinimiz va xalqimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati