Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Ashuro - yaxshi kundir

25.06.2026   17374   3 min.
Ashuro - yaxshi kundir

Ashuro – Muharram oyining o‘ninchi kuni bo‘lib, Islomda fazilatli kunlardan sanaladi. Bu kunning sharafi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: “Nima bu? (ya’ni, nima uchun bu kun ro‘za tutyapsiz?)” dedilar. Ular: Bu yaxshi kundir. Bu kunda Alloh taolo Bani Isroilga dushmanlaridan najot bergan. Shuning uchun Muso ro‘za tutgan, deb javob berishdi. Shunda u zot alayhissalom: Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar hamda boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ashuro kunining eng katta fazilatlaridan biri — bu kunda tutilgan ro‘zaning ulkan savobidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishidan Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu ashuro kunichalik biror kunning ro‘zasini hamda ushbu ramazon oyichalik (biror oyni) savob talabida boshqasidan afzal bilganlarini ko‘rmaganman”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

Ulamolar bu hadisdagi gunohlar kichik gunohlar ekanligini bayon qilganlar. Katta gunohlar uchun esa tavba qilish lozim. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, boshqalarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, axir, bu – yahudiylar va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku?”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Agar kelasi yili bo‘lsa, albatta, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Bu voqea oxirgi vaqtlarda bo‘lgan. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avvallari biror narsaga buyurilmagan ishlarda ahli kitoblarga muvofiq bo‘lishni xohlardilar. Ayniqsa, mushriklarga xilof bo‘lgan ishlarda shunday edilar. Makka fath bo‘lib, Islom mashhur bo‘lganidan so‘ng ahli kitoblardan ham farqli bo‘lishni xohladilar. Shuning uchun avvalda: Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman, degan bo‘lsalar, keyinchalik ulardan ham ajralib turishni istadilar va Ashuro kunidan oldin yoki keyin yana bir kun ro‘za tutib qo‘yishga buyurdilar”.

Shu sababli ulamolar Ashuro ro‘zasini 9-10 yoki 10-11 muharram kunlari tutishni mustahab deb bilganlar.

Ashuro kuni mo‘min uchun Allohning ne’matlariga shukr qilish, gunohlardan tavba etish, zikr va ibodatni ko‘paytirish uchun yaxshi fursatdir. Bu muborak kunning fazilatidan foydalanib, ro‘za tutish va solih amallarni ko‘paytirish har bir musulmon uchun katta manfaatdir.

Alloh taolo barchamizni Ashuro kunining fazilatidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.


Asliddin MIRZAMIDDINOV,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari kafedrasi o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qashqadaryoda imom va noiblar uchun navbatdagi qiroat mashg‘ulotlari boshlandi

10.09.2026   32744   1 min.
Qashqadaryoda imom va noiblar uchun navbatdagi qiroat mashg‘ulotlari boshlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Mazkur loyiha soha xodimlarining nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.

Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar bugun Qashqadaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassisi –   Mamasoliyev Samandar qori aka olib bormoqda.

Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.

Bu kabi amaliy saboqlar imom-xatib hamda imom noiblarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari