Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Jurnalist odobi va axborot tarqatish mas’uliyati

25.06.2026   25534   2 min.
Jurnalist odobi va axborot tarqatish mas’uliyati

Birinchidan, tarqatilayotgan har bir ma’lumot va axborot insonlar manfaatiga xizmat qiladigan yaxshi so‘z bo‘lishi lozim.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yaxshi so‘zga qanday misol keltirganini ko‘rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o‘xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda. Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir (Ibrohim surasi, 24-25 – oyatlar).

 

Ikkinchidan, turli fahsh va behayo ma’lumotlarni, bo‘xton, yolg‘on hamda mish-mish xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo‘lish shart.

Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “...fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir” (Nur surasi, 19-oyat).

 

Uchinchidan, tarqatilayotgan har qanday xabar yoki ma’lumot uchun Qiyomat kuni javob berishni hamda “Kitobat ham xitobat kabidir (yozish – gapirish kabi)”, degan qoidani unutmaslik kerak.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Bugungi kunda ularning og‘izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur” (Yosin surasi, 65-oyat).

Imom Shofi’iy aytadilar: “Vafot etmaydigan yozuvchi yo‘q. Ammo uning qo‘llari yozgan narsalar necha yillar o‘tsada saqlanib qoladi. Shunday ekan, Qiyomatda ko‘rganingizda xursand bo‘ladigan narsadan boshqa hech narsa yozmang!”.

 

To‘rtinchidan, har bir axborotning ishonchli ekanini tekshirib, keyin tarqatish.

Alloh taolo shunga buyuradi: Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining yolg‘onchi bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

 

Beshinchidan, mualliflik huquqiga amal qilish. O‘zgalarning mehnatini ko‘chirib, o‘zlashtirib olmaslik.

Imom Shofi’iy rahimahulloh: “Menga bu so‘zni falonchi aytgan”, deb aytuvchisini aniq shaklda gapirgan kishi haqiqiy marddir”, deganlar.

Abdul Fattoh Abu G‘udda aytadilar: “Jumla yoki so‘zni naql qiluvchiga nisbat berish omonatdir”.

 

Oltinchidan, har bir kasb egasi o‘z mutaxassisligi doirasida axborot yoki ma’lumot tarqatishi lozim. Bilimi yetmagan, mutaxassisligi bo‘lmagan xabarni tarqatmaslik kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   22180   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV