Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Noyabr, 2026   |   3 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:08
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:09
Xufton
18:25
Bismillah
13 Noyabr, 2026, 3 Jumadul soni, 1448

Agar qadringni bilmoqchi bo‘lsang...

25.06.2026   25833   2 min.
Agar qadringni bilmoqchi bo‘lsang...

إِذَا أَرَدْتَ أَنْ تَعْرِفَ قَدْرَكَ عِنْدَهُ فَانْظُرْ فِي مَاذَا يُقِيمُكَ

Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Agar Alloh huzuridagi qadringni bilmoqchi bo‘lsang, U seni nimada mashg‘ul qilib qo‘yganiga nazar sol”.

Sharh: Insonlar odatda o‘z qadrini molu dunyosi, lavozimi, ilm darajasi yoki xalq orasidagi obro‘si bilan o‘lchaydilar. Ammo Alloh nazdidagi haqiqiy qadr dunyo matohlari, obro‘-e’tibor bilan emas, balki insonning nimaga muvaffaq qilingani bilan bilinadi.


Agar Alloh taolo bandasini:

namozga,

Qur’on tilovatiga,

ilm o‘rganish va o‘rgatishga,

ota-ona xizmatiga,

odamlarga manfaat yetkazishga,

yaxshi axloq va solih amallarga muvaffaq qilgan bo‘lsa, bu Allohning unga bo‘lgan lutfi va ehsonidan dalolat.

Allohning nazdidagi qadringni bilishni istasangiz, tilingizni nima bilan, qalbing nima bilan va umringizni nima bilan o‘tayotganiga qarang. Chunki Alloh bandasini O‘zi yaxshi ko‘rgan ishlarda ishlatadi.

Aksincha, inson vaqtini behuda ishlarga, gunohlarga, g‘iybatga, dunyoparastlikka sarflayotgan bo‘lsa, bu uning ziyonda ekani, o‘zini jiddiy hisob-kitob qilib, tavba qilmasa U Zotning azobiga qolishiga sabab bo‘ladi.


Bu hikmat “Alloh menga nima berdi?” degan savoldan ko‘ra, “Alloh meni nimaga muvaffaq qildi?” degan savol muhimroq ekanini o‘rgatadi. Chunki ne’matning eng buyugi – Allohga yaqinlashtiruvchi amallarga muvaffaq bo‘lishdir.


Demak, har bir inson vaqti-vaqti bilan o‘ziga shunday savol berib turishi lozim: “Kunlarim nimalar bilan o‘tmoqda? Qalbim nimaga bog‘langan? Ko‘proq qaysi ishlar bilan mashg‘ulman?”.

Chunki bandaning Alloh nazdidagi maqomiga ishora qiluvchi muhim belgilardan biri – uning qaysi ishlarga muvaffaq qilib qo‘yilganidir.

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi

13.11.2026   1464   1 min.
O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi

Misrdagi Al-Azhar xalqaro akademiyasida 20 nafar o‘zbekistonlik imom-xatib uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturi yakunlanib, ishtirokchilarga maxsus shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri. 
 

Ikki hafta davom etgan o‘quv kursida diniy soha vakillari o‘zlarining ilmiy-diniy bilimlarini oshirish, Al-Azharning boy ilmiy tajribasi va o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi.
 

Tadbirda so‘zga chiqqan akademiya rahbari Hasan Sag‘ir ushbu o‘quv kurslari Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning doimiy e’tiborida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shayx Ahmad Tayyib o‘quv jarayonini jiddiy kuzatib borgan.
 

Safar davomida o‘zbekistonlik imomlar ushbu davlatdagi Katta ulamolar kengashi a’zosi doktor Hasan Shofeiy bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuv chog‘ida ilm-fan, diniy ma’rifat va ulamolar mas’uliyati xususida suhbat bo‘lib o‘tdi.
 

Imom-xatiblar Al-Azhar hamda Imom Husayn masjidlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan tabarruk ashyolar, jumladan, muborak qilich va boshqa tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
 

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Al-Azhar o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlik, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu nufuzli dargohda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi
O'zbekiston yangiliklari