Savol: Hayvonlar, qushlar va hasharotlarning jonini ham Azroil alayhissalom qabz qiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mo‘tabar manbalardagi ma’lumotlar barcha jonzotlarning jonini olish mas’uliyatini Alloh taolo O‘lim farishtasi (Azroil) alayhissalomga topshirganini ko‘rsatadi. Chunki bir rivoyatda O‘lim farishtasi alayhissalom: “Men bitta chivinning jonini ham Allohning iznisiz o‘z xohishim bilan sug‘ura olmayman”, deganlari naql qilingan.
Imom Qurtubiy rahimahulloh buning izohida bunday deydilar: “Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har bir jonzotning jonini olish mas’uliyatini Alloh taolo O‘lim farishtasiga yuklagan”.
Shuningdek, Imom Molik ibn Anas rahmatullohi alayhdan "Chivinlarning jonini ham Azroil qabz qiladimi?" deb so‘radilar. Shunda imom: “Ularda jon bormi?” deb so‘radi. So‘rovchi: “Ha, bor”, degach, u kishi: “U holda, ularning jonini ham O‘lim farishtasi oladi”, dedilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz