May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...
U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.
Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...
Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.
Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.
Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.
Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.
Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.
Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.
Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:
— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.
— Ba’zan, dedim.
U esa:
— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.
— Nega? — dedim.
— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.
O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.
Men unga:
— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.
Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:
— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.
Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.
Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.
Hammasini aytib berdim.
Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:
— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?
Men:
— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.
Otam biroz sukut saqlab:
— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.
So‘ng qo‘shimcha qildi:
— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.
Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.
Biz qahvamizni ichishda davom etdik.
Men unga:
— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.
U kishi jilmayib:
— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.
Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:
“Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang”.
Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:
Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.
U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.
Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.
Davron NURMUHAMMAD
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati