Bismillahir Rohmanir Rohiym
1400 yil ummatni ushlab turgan yo‘lni tashlab, qayerga bormoqchisiz?
Bugun musulmon jamiyatida tez-tez uchraydigan bir da’vo bor:
“Biz Qur’on va sunnat bilan yuramiz, mazhab shart emas”.
Bu gap tashqaridan chiroyli, jozibali eshitiladi. Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘raylik:
Haqiqatan ham mazhabsiz yurish mumkinmi?
Agar mumkin bo‘lsa, u qayerga olib boradi?
Keling eng sodda savol-javob uslubida ko‘rib chiqamiz.
1. Mazhab o‘zi nima?
Mazhab – bu Qur’on va sunnatni tushunish maktabi.
Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofi’iy, Imom Ahmad ibn Hanbal kabi buyuk mujtahidlar:
minglab oyat va hadislarni,
sahobalar fatvolarini,
arab tili qoidalarini,
nas'h-mansuh, umumiy-xususiy masalalarni tizimli, ilmiy usulda jamlab, ummatga yo‘l ko‘rsatib berishgan.
Mazhab – Qur’on va sunnatning o‘zi emas, balki ularni to‘g‘ri tushunish kaliti.
2. “Mazhab shart emas” degan odam aslida nimani da’vo qilmoqda?
U deydi:
“Men o‘zim hadisni ochib o‘qiyman, o‘zim hukm chiqaraman”.
Savol:
— Arab tilini mukammal biladimi?
— Hadislarning sahih-zaifini ajrata oladimi?
— Qaysi hadis qaysi holatga tegishli ekanini biladimi?
— Qaysi oyat qaysi oyat bilan chegaralanganini biladimi?
Agar yo‘q bo‘lsa – u ilmga emas, nafsiga ergashmoqda. Agar farazan shu ilmlarga sohib bo‘lsa bormi, shubhasiz mazhabga ergashish lozimligini e’tirof qiladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Zikr ahli – olimlar, mujtahidlar. Mazhab ana shu “zikr ahli”ning ilmiy merosidir.
3. Sahobalar haqida nima deysiz? Sahobalar:
Ibn Mas’ud fiqhi,
Ibn Umar fiqhi,
Zayd ibn Sobit fiqhi bilan tanilgan.
Tobe’inlar sahobalarga taqlid qilgan.
To‘rt imom esa ana shu sahobalar fiqhini tartibga soldi.
Demak, mazhab keyin chiqib qolgan bid’at emas, balki sahobalar yo‘lining davomidir.
4. Mazhabsizlik nimaga olib keladi?
Bugun mazhabsizlikni da’vo qiluvchilar orasida:
biri niyatni shart emas deydi,
biri jamoat namozini yengil sanaydi,
biri boshqasini adashgan, hatto kofir deydi.
Bu nimaning natijasi?
Bir mezon yo‘qligining natijasi.
Mazhab bo‘lmaganda: har kim o‘zicha “Qur’on va sunnat”ni tushunadi, din parcha-parcha bo‘ladi, ixtilof fitnaga aylanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “O‘tgan ummatlar ixtilof sababli halok bo‘ldi” (Imom Ahmad rivoyati)
Mazhab – ixtilofni tartibga soluvchi himoya devori.
5. Imom Abu Hanifa rahimahulloh nima uchun Imomi A’zam deb e’tirof etiladi?
U zot:
40 yil bomdod namozini xufton tahorati bilan o‘qigan,
500 mingdan ortiq hadisni bilgan,
Shunday zotning ilmiy tizimini mensimaslik – kibr emasmi? Ha, kibr bo‘lsa, kibr egasida sog‘lom ilm bo‘lmaydi.
6. Mazhab – majburiy emasmi?
Ha, mazhab – zarurat.
Xuddi:
tibbiyotda shifokorga ergashgandek,
qurilishda muhandisga ishongandek.
Ammo ogoh bo‘ling: Din – tajriba qilinadigan soha emas.
7. Xulosa: Mazhabsiz qayga bormoqchisan?
Mazhabdan voz kechgan odam:
o‘zini imomlardan ustun qo‘yadi,
bilmagan holda fatvo beradi,
oxir-oqibat dinni o‘z nafsiga moslab oladi.
Mazhabga ergashish – ko‘r-ko‘rona taqlid emas,
balki ilmga, tajribaga va ummat yo‘liga hurmatdir.
Savol ochiq qoladi:
1400 yil ummatni ushlab turgan yo‘lni tashlab, bemazhab qayerga bormoqchi?!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi