1. Mo‘min banda eshitgan narsasini so‘rab-surishtirmay gapirishdan ehtiyot bo‘lishi lozim.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishiga gunoh uchun eshitgan narsasini gapirmoqning o‘zi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Muslim rivoyati).
Demak, eshitgan gapini odamlarga gapiravergan kishi yolg‘onchilardan sanaladi. Mo‘min banda esa yolg‘onchi bo‘lmaydi.
Imom Molik rivoyat qilgan hadisda Savfon ibn Sulaym roziyallohu anhu «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:
“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladi-mi?” deb so‘radilar.
“Ha”, dedilar.
“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min baxil bo‘ladi-mi?” dedilar.
“Ha”, dedilar.
“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladi-mi?” deb so‘radilar.
“Yo‘q”, deb javob berdilar».
2. Mo‘min banda biror kishini masxara qilmasligi lozim.
“Ey, mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa” (Hujurot surasi, 11-oyat).
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir birodarini bir aybda ayblasa, toki o‘zi ham o‘sha gunohni sodir etmagunicha vafot etmaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Oisha roziyallohu anho: “Musibatga uchragan bir kishi bir guruh ayollar oldidan o‘tdi. Ayollar uni masxara qilib, kulishdi. O‘sha ayollarning ko‘pchiligi o‘sha musibatga mubtalo bo‘lishdi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo boshqa bir oyatda masxara qiluvchilarning holiga voy bo‘lishi haqida ogohlantiradi: “(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).
3. Mo‘minlar bir-birlarini mazax qilishlari va laqablar bilan atamasliklari lozim.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizni laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat).
4. Mo‘minlar gumondan chetda bo‘lishlari lozim.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Ey, mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
5. Mo‘minlar o‘zgalar aybini qidirishdan va ularni g‘iybat qilishdan saqlanishlari lozim.
“(O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV