Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Mo‘minlarning 3 axloqi

29.06.2026   21498   7 min.
Mo‘minlarning 3 axloqi
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat).


Afvni (qabul qilib) oling

Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.

Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.

Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.

Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.

Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.

Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.

Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). 


Yaxshilikka buyur

Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).

Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:

  1. Avvalo yaxshilikka chaqirishdan maqsad – Alloh taoloning roziligi bo‘lishi.
  2. Ilm. Chunki ilmsiz qilingan amri ma’ruf odamlarning qalbiga yetib bormaydi.
  3. Shafqat, muloyimlik bilan do‘stona nasihat qilmoq. Alloh taolo Muso va Xorun alayhimussalomni Fir’avnga yuborganida bunday buyuradi: “Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa” (Toho surasi, 43-oyat).
  4. Sabrli va halim bo‘lish. Allox taolo Luqmon alayhissalom qissasida: “…yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!” deb marhamat qilgan.
  5. Amri ma’ruf qiluvchi avvalo aytgan so‘ziga o‘zi amal qilishi. Qur’oni karimda: “…odamlarni yaxshilikka buyurasiz-u, o‘zingizni unutasizmi?!” deyilgan.

Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat). 


Johillardan yuz o‘gir

Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).

Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.

Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjumanda ayollar huquqi muhofazasi masalalari muhokama qilindi

08.09.2026   43049   2 min.
Xalqaro anjumanda ayollar huquqi muhofazasi masalalari muhokama qilindi

Xabar berganimizdek, Jidda shahrida Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi va Musulmon olami uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda din peshvolarining roli» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qatnashdi.

Shuningdek, anjumanda Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Humayd, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Abdulkarim al-Iso, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, taniqli ulamolar, yetuk faqihlar, muftiylari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Ilmiy ma’ruzalar va muhokamalarda bir qator muhim jihatlar va amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan:

– zo‘ravonlikni qat’iy qoralash: Ayollarga nisbatan har qanday jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki kiber tajovuz Islom shariatining inson qadr-qimmati, rahmat va adolatga asoslangan bosh maqsadlariga zid va zulm ekani fiqhiy jihatdan asoslandi;

– diniy tamoyillarni targ‘ib etish: oila boshlig‘i bo‘lgan erning asosiy vazifalari ayolni nafaqa bilan ta’minlash, himoyalash va unga g‘amxo‘rlik qilish ekani qayd etildi. Ayolning ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki kafolatlangani ta’kidlanib, zararli illatlarga barham berish lozimligi aytildi;

– oilani mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash: yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish, nikohlanuvchilarni tibbiy-psixologik ko‘rikdan o‘tkazish tizimini kuchaytirish hamda imom-xatiblar ishtirokida oilaviy maslahatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi;

– himoya va ko‘mak tizimini joriy etish: jabr ko‘rgan ayollarga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini kengaytirish, xavfsiz boshpanalar va «ishonch telefonlari» tizimini samarali joriy etish zarurligi belgilandi;

– xalqaro va mahalliy hamkorlik: davlat idoralari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda ilg‘or tajribalarni almashish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari