«Giyohvandlik va narkojinoyatlikka qarshi kurashish nafaqat
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik,
mahalla va har bir fuqaroning vijdoniy ishi hamda
muqaddas burchiga aylanishi shart».
Sh.M.Mirziyoyev
Islom insoniyatni barcha yomonliklardan saqlanishga, ilohiy amrlarni ado etishga, ixtiyoriy yaxshi amallarni qilishga, vijdonli, o‘ta sezgir, irodasi mahkam, aqli sog‘lom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, o‘ziga ahamiyat beruvchi va boshqalarni isloh etuvchi, diniga qimmatli, jamiyatga naf keltiruvchi, Vatanini himoya qiluvchi, ummatga qalqon bo‘luvchi, Parvardigoriga ibodat qiluvchi, barcha xaloyiqqa yaxshilik qiluvchi, yer yuzini obod qiluvchi bo‘lishga, o‘ziga yuklatilgan vazifani mukammal ado qilishga da’vat etadi.
Islom shariatida inson joni va aqlini saqlash o‘ta dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shunga binoan shariatda jon va aql o‘z vazifasini mukammal ravishda ado etishida rioya qilinishi lozim bo‘lgan ilohiy ko‘rsatmalar batafsil bayon etilgan.
Davlat siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, olijanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan hukumatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoda “asr vabosi” deb nom olgan giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytilmoqda va keng suratda tushuntirilmoqda.
Inson hayoti, ayniqsa, yoshlarimiz kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotida mavjud zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har bir mo‘min-musulmonning sharafli burchidir.
Har bir inson bu dunyoga pok niyatlar, ulug‘ maqsadlar va go‘zal orzular bilan qadam qo‘yadi. Kimdir el tanigan olim bo‘lishni, kimdir ota-onasining suyanchig‘i va faxriga aylanishni, yana kimdir jamiyatga naf keltiradigan solih inson bo‘lishni istaydi. Biroq, bugun insoniyat qarshisida shunday bir mudhish va ko‘rinmas xavf turibdiki, u insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki uning borlig‘ini, iymonini va eng go‘zal orzularini ham tiriklay go‘rga tiqadi.
Bu ofatning nomi — giyohvandlikdir. Giyohvandlik — bu shunchaki tibbiy muammo emas, bu inson o‘z qo‘li bilan o‘z kelajagini ko‘madigan «Orzular qabristoni»dir. Muqaddas dinimiz inson hayotini, uning aqli va sog‘lig‘ini eng oliy qadriyat — Allohning buyuk omonati deb biladi. Islom shariatining asosiy maqsadlaridan biri ham aynan inson aqli va jonini muhofaza qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni o‘z-o‘zini halokatga tashlashdan qat’iy qaytarib, shunday marhamat qiladi: «O‘zingizni (o‘z qo‘llaringiz bilan) halokatga tashlamang!» (Baqara surasi, 195-oyat).
Giyohvandlik moddasini iste’mol qilish — bu Alloh bergan eng ulug‘ ne’mat, ya’ni ong va tanani o‘z qo‘li bilan zaharlash, demakdir. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri oyatda qaytarilgan halokat eshigini ochish bilan barobardir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham inson sog‘lig‘iga va aqliga zarar yetkazadigan, uni karaxt qiladigan har qanday narsani taqiqlaganlar. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi va (badanni, aqlni) bo‘shashtiruvchi, sustlashtiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisga tayanib, giyohvandlik moddalari (xoh u an’anaviy, xoh zamonaviy kimyoviy-sintetik vositalar yoki kapsulalar bo‘lsin) badanni va aqlni tamoman ishdan chiqarishi, insonni mutelikka boshlashi sababli, ularni iste’mol qilishni, sotishni va tarqatishni harom deb fatvo berganlar. Buyuk valiy va tobein olim Hasan Basriy rahmatullohi alayh aql ne’matining qadri haqida gapirib, shunday degan ekanlar: «Agar aqlni bozorda sotib olishning iloji bo‘lganida, insonlar unga ega bo‘lish uchun bor jahonni to‘lagan bo‘lardilar. Qanday qilib inson o‘z ixtiyori bilan puliga o‘zini aqldan judo qiladigan zaharni sotib olishi mumkin? Bu aqlsizlikning eng oliy darajasidir».
Ulug‘ faqih olim Ibn Hajar al-Haytamiy rahmatullohi alayh o‘z asarlarida giyohvandlikning zararlarini bayon etar ekan, u insonni ibodatdan to‘sishi, yuzdagi hayo nurini ketkazishi, mardlik va g‘ururni yo‘qotishi hamda insonni eng pastkash darajaga tushirib qo‘yishini alohida ta’kidlagan. Giyohvand kimsa avvalo aqldan, keyin hayodan, so‘ngra oilasi, mol-mulki va eng achinarlisi, iymonidan ajraladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Aroq (va har qanday mast qiluvchi narsa) barcha yomonliklarning kalitidir».
Soxta lahzalarning achchiq bahosi: jarlik yoqasiga kelib qolgan yoshlar ko‘pincha bu qora yo‘lga «bir marta sinab ko‘rish», «zamonaviylikdan orqada qolmaslik» yoki «muammolarni unutish» maqsadida qadam qo‘yadilar. Biroq shaytonning bu aldovi insonni vaqtinchalik soxta dunyoga olib kiradi-yu, real hayotdagi barcha go‘zal tuyg‘ularini va maqsadlarini kul qiladi. Bu soxta baxtning yakunida nimalar boy beriladi?
Ilm va zakovat so‘nadi: Olim yoki shifokor bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshning zehni zaharlanib, fikrlashdan mahrum bo‘ladi.
Oilaviy baxt vayron bo‘ladi: Ota-onasiga xizmat qilib, duosini olmoqchi bo‘lgan farzand ularning qotiliga, eng katta dog‘i va armoniga aylanadi.
Porloq kelajak go‘rga topshiriladi: Go‘zal oila qurib, baxtli yashashni istagan qalb zulmat soyasida, yolg‘izlik va jismoniy azoblar ichida qoladi.
Mana shu tarzda umid bilan sug‘orilgan porloq hayot — o‘z egasining qo‘li bilan Orzular qabristoniga aylantiriladi.
Farzandlarimizga Alloh taolo bergan umr, sog‘liq va jamiyat omonat ekanini, qiyomat kunida har bir daqiqa va tanamizning har bir a’zosi uchun hisob berishimizni anglataylik. Orzularimiz qabristonga emas, hayotni go‘zallashtiradigan, Vatanga va islom ummatiga xizmat qiladigan buyuk maqsadlarga eltsin! Umr ne’matini soxta tuyg‘ular evaziga zaharlamaylik.
Abdurahmonjon domla Abdurahmonov,
Oltiariq tumani
“Birlashgan” masjidi imom-noibi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati